Misr Oʻzbekistonga yordam yubordi
Qayd etilishicha, Misr hukumati tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi” milliy dasturi ishlab chiqilgan.

Oʻzbekistonga Misr tomonidan "Daklatasvir" preparatini oʻz ichiga olgan gepatit C ga qarshi gumanitar yordamning oʻninchi partiyasi yetkazildi.
Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutiga 114 qutidagi 3000 oʻramdan ortiq “Daklatasvir-60 mg” preparati bemorlar uchun taqdim etildi.
"Misr gepatit B va C viruslariga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishdi. Mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, aholi ushbu kasallikdan toʻliq forigʻ boʻldi", deya bayonot berdi vazir Xolid Abdugʻaffor JSST sessiyasida.
Qayd etilishicha, Misr hukumati tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi” milliy dasturi ishlab chiqilgan va muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, unga jami 100 million dollar ajratilishi kutilmoqda.
Aksiya Oʻzbekiston rahbarining 2023 yil 20-21 fevral kunlari Misrga rasmiy tashrifi, shuningdek, ikki davlat sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasidagi muzokaralar doirasida tuzilgan kelishuvlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz saylovoldi dasturida mamlakatda gepatit Cni davlat hisobidan davolash tashabbusi bilan chiqqandi.