Putin Afrikada qamoqqa olinishi mumkin
Janubiy Afrika hukumati Rossiya delegatsiyasining sammitda ishtirok etishining uchta variantini taklif qilgan.

Rossiya JAR prezidenti Siril Ramafosaning 2023 yil avgustida boʻlib oʻtadigan BRIKS sammiti delegatsiyasiga prezident Vladimir Putin oʻrniga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qilish haqidagi iltimosini rad etdi.
Bu haqda mahalliy Mail&Guardian gazetasi vitse-prezident Pol Mashatilega asoslanib maʼlum qildi.
“Biz Rim statusiga boʻysunamiz, lekin kimnidir taklif qilib, keyin uni hibsga ololmaymiz. Agar u [Putin] kelmasa, xursand boʻlardik”, — degan vitse-prezident.
Nashrning yozishicha, avvalroq Janubiy Afrika hukumati Rossiya delegatsiyasining sammitda ishtirok etishining uchta variantini taklif qilgan.
Birinchisiga koʻra, Rossiya delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirligi vakillik qiladi, ikkinchisiga koʻra, Putin uchrashuvda onlayn ishtirok etadi, uchinchisiga koʻra, uchrashuvga Xitoy mezbonlik qiladi.
Mashatilega koʻra, Hindiston va Braziliya sammitning Xitoyga oʻtkazilishiga qarshi chiqqan. Vitse-prezidentning qoʻshimcha qilishicha, Putinning uchrashuvda ishtirok etishi boʻyicha muzokaralar davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ayblanmoqda.