Hindistonda hibsda saqlanayotgan oʻzbekistonlik ayollar ortga qaytarildi
Ayollar 2021 yil oktabrda qoʻlga olingandi.

Hindiston-Nepal chegarasini noqonuniy kesib oʻtayotganda qoʻlga olingan va deportatsiya qilingan oʻzbekistonlik ayollar qaytarildi.
Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Ayollar 2021 yil oktabrda qoʻlga olingandi. Qayd etilishicha, ular Feysbuk orqali tanishgan Hindiston fuqarosiga ishonishgan va Hindistonga ishlash uchun ketmoqchi boʻlgan. Biroq sudning chiqarib yuborish haqidagi qarori 2022 yil avgustiga toʻgʻri kelganiga qaramay, turli byurokratik toʻsiqlar va yurisdiksiyaviy qiyinchiliklar tufayli ular joriy yilning iyul oyigacha qamalgan.
Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, bugun diplomatik vakolatxona koʻmagida fuqarolar yashash joylariga qaytib kelishdi.
Elchixona oʻzbekistonliklarni qaytarish jarayonida Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va Bixar shtatining tegishli idoralari bilan rasmiy muzokaralar olib bordi, vaziyat nazoratga olindi va zarur konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi, deyiladi xabarda.
Diplomatik missiya fuqarolarni Hindistonga sayohat qilishdan oldin turli shubhali guruhlar yoki shaxslarning yolgʻon vaʼdalariga berilmaslikka, shuningdek, ushbu mamlakatga kirish va boʻlishda mahalliy qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqirgan.