platina.uz
Jamiyat

Samarqandda aholi muammosini eʼtiborsiz qoldirgan 300 dan ortiq xodimga chora koʻrildi

 Joriy yilning 6 oyi davomida viloyatda 1798 marotaba ana shunday ommaviy qabullar oʻtkazildi.

Samarqandda aholi muammosini eʼtiborsiz qoldirgan 300 dan ortiq xodimga chora koʻrildi

Birgina Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonalarining virtual tizim hisobotlari orqali joriy yilning birinchi yarmida virtual va Xalq qabulxonalariga 61 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslardan turli masalalarda murojaatlar kelib tushgani aytilmoqda, shuningdek, 303 nafar masʼul xodimlarga ish ishiga beparvolik sabab nisbatan tegishli choralar koʻrildi.

Eʼtiborlisi, bu murojaatlarning 40 mingga yaqini (73 foizi) qanoatlantirilgan. 866 tasi rad etilgan, 185 tasi koʻrmasdan qoldirilgan, 13 mingga yaqini boʻyicha asosli tushuntirish berilgan. Viloyat aholisi tomonidan asosan, pensiya taʼminoti va ijtimoiy himoya (5,4 ming), sud qarorlarini ijro etish, aliment va qarz undirish (5,4 ming), elektr energiyasi (4,6 ming), gaz taʼminoti (4,1 ta), huquqbuzarliklar haqida xabar berish (4,5 ming), moddiy yordam va homiylik (3,6 ming), uy-joy (1,8 ming), bandlik (1,6 ming), yoʻl infratuzilmasi (1,5 ming), davolash va tibbiy xizmat koʻrsatish (1,4 ming), yer munosabatlari (1,2 ming), huquqni muhofaza qilish xodimlari faoliyati (1,2 ming), mehnatga haq toʻlash (1,1 ming), mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish (1026) va ichimlik suvi taʼminoti (1079) masalalari koʻtarilgan.

Joriy yilning 6 oyi davomida viloyatda 1798 marotaba ana shunday ommaviy qabullar oʻtkazildi.

Qabullar davomida 18458 nafar fuqarodan 19070 ta murojaat kelib tushdi va 8705 tasi (45 foizi) ijobiy hal etilgan.

Jumladan, Samarqand viloyati hokimi, birinchi sektor rahbarining Jomboy tumani Olmazor mahallasidagi sayyor qabulida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar asosida mahallaning 7 qishlogʻiga 305 dona tayanch beton ustunlar, 12,0 kilometr SIP kabellari, 6 dona qoʻshimcha transformator oʻrnatilmoqda. 5 kilometr ichki tuproq yoʻllari shagʻallashtirildi. Yana 15,5 kilometr ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari boshlandi. Mahalladagi 41-umumiy oʻrta taʼlim maktabi rekonstruksiyasiga kirishildi.

Pastdargʻom tumani hokimi, birinchi sektor rahbarining Amir Temur nomli mahallasidagi sayyor qabulidan soʻng hududdagi transformator punkti taʼmirlandi. Qoʻshrabot tumani soliq inspeksiyasi boshligʻi, toʻrtinchi sektor rahbarining Ozod mahallasida oʻtkazgan sayyor qabulida fuqaro Bahrom Rahmonov qishlogʻi hududidagi taʼmirtalab elektr tarmoqlarini yangisiga almashtirib berishda amaliy yordam soʻragan edi.

Bu masala ham qisqa vaqtda ijobiy hal etildi.

Tayloq tumani Shopoʻlot mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda esa mahallaning bir guruh fuqarolari hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashda amaliy yordam berish toʻgʻrisida murojaat qilgan edi. Mazkur murojaat Xalq qabulxonasi nazorati ostida joyida koʻrib chiqildi va 1,5 kilometr suv tarmogʻini tortish ishlari amalga oshirilib, 50 xonadon ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlarning belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi alohida nazoratga olinib, virtual tizim orqali tegishli masʼul idora va tashkilotlarga yuborilmoqda.

Aholining davlatdan va islohotlardan roziligiga erishish borasida bevosita Xalq qabulxonalari tomonidan ham zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Xususan, viloyat Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan Payariq tumani Sarbozor mahallasi Oʻrtasaydov qishlogʻida yashovchi A.Ochilovning uy-joyi oʻta taʼmirtalab holatga kelib qolganligi aniqlanib, homiylar jalb qilingan holda xonadon toʻliq qayta taʼmirdan chiqarildi.

Tumanning Koʻltoʻsin mahallasida yashovchi, boquvchisini yoʻqotgan G.Otamurodovaning uy-joyi ham shu tartibda taʼmirlandi. Bulungʻur tumani Yangiariq mahallasi aholisini juda koʻp yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolar ham Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan bartaraf qilindi. Yaʼni 1,5 kilometr ariq-zovurlar tozalandi, 2 kilometrdan ortiq ichki yoʻllar shagʻallashtirilib, hozirda 1,3 kilometr yoʻlga asfalt yotqizilmoqda.

Qoʻshrabot tumani Namuna mahallasi yashovchi Elmurod Xoʻjanovning qishloq hududidagi yoʻllarni taʼmirlab, asfalt qilib berish boʻyicha tuman Xalq qabulxonasiga qilgan murojaati joyiga chiqib oʻrganilgach, tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan qishloqdagi 1,2 kilometr yoʻlga asfalt qoplamasi yotqizildi, 2 kilometr yoʻl qum-shagʻal yotqizilib, taʼmirlandi. Ishtixon tumani Zarband mahallasida yashovchi fuqaro M.Nursodiqovning turmush oʻrtogʻida murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazishda amaliy yordam soʻrab tuman Xalq qabulxonasiga murojaati ham ijobiy hal etildi. Bemor viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozli yoʻllanma asosida davolanib, jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi va salomatligi tiklandi.

Shu bilan birga aholi murojaatlari hamda aniqlangan muammolarga eʼtiborsizlik qilgan, bu borada qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan 350 dan ortiq mansabdor shaxslar boʻyicha Xalq qabulxonalari tomonidan mahalliy kengashlarga axborot hamda davlat organlari va tashkilotlariga taqdimnoma va takliflar kiritilgan. Ushbu hujjatlar asosida 303 nafar masʼul xodimlarga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid