AQSh Oʻzbekistondagi majburiy mehnatdan hamon xavotirda
Diplomatik idora hisobotda bir qancha ustuvor tavsiyalarni eʼlon qilgan.

AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi Oʻzbekistonga oid odam savdosi boʻyicha hisobotni taqdim etdi.
Unda aytilishicha, "hukumat bu borada muhim saʼyi-harakatlarlari amalga oshirmoqda, ammo muammoga barham berish standartlarga hali javob bera olmaydi.
Paxta boʻyicha majburiy mehnat taqiqlangan boʻlsada, ayrim amaldorlarning noqonuniy hatti-harakati bu sohada muammolar saqlanib qolishiga sabab boʻlmoqda".
Diplomatik idora hisobotda bir qancha ustuvor tavsiyalarni eʼlon qilgan: jumladan odam savdosidan jabr koʻrganlarga yordam beruvchi NNTlar sonini koʻpaytirish, ularni ochish va yuritishni yengillashtirish, muammo boʻyicha treninglarni koʻpaytirish, mustaqil kuzatuvchilarga paxta terish jarayonini kuzatish imkonini berish, muammo haqida yozgan faollar va jurnalistlarni taʼqib qilmaslik, paxta va ipakchilik sohasida mehnat shartnomalarini jiddiy tekshirish.
Materialda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston hukumati odam savdosi boʻyicha 2021 yilda 172 ta tergov hususida maʼlumot bergan. 2022 yilda 35ta mansabdor mehnat qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikka tortilgan, bu raqam 65tani tashkil qilgan.
Elchixona shuningdek, xorijdagi mehnat muhojirlari ahvoliga ham eʼtibor qaratgan.
"Hukumat mehnat muhojirlari, shu jumladan odam savdosi qurbonlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqda. 2021 yil ularga 1,38 million dollar ajratilgan boʻlsa, 2022 yilda bu raqam 3,46 million dollarni tashkil etdi.
2022 yilda Rossiyada 20, Turkiya va Qozogʻistonda 4 tadan migratsiya markazlari ochildi. Ular migrantlarni barcha tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi" deyiladi hisobotda.
Eslatib oʻtamiz, 2017 yildan boshlab majburiy mehnat boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-son qarori bilan fuqarolarni, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarni majburiy mehnatga jalb etish taqiqlandi.
Maʼmuriy tartibda mehnatga jalb qilganlik uchun jarima miqdori oshirildi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasiga koʻra, mazkur qoidabuzarlik uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 dan 100 baravarigachani tashkil etadi. 2019 yilda ushbu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 1 dan 3 baravarigachani tashkil etar edi.
Bundan tashqari, maʼmuriy tartibda mehnatga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Yangi Konstitutsiyaning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi belgilangan boʻlib, majburiy mehnat, qonunda koʻrsatilgan hollardan tashqari taqiqlangani mustahkamlangan.