Turkmanistonda davlat toʻntarishi ayblovi bilan 20 kishi ushlandi
Nashrning yozishicha, davlat toʻntarishining tashkilotchisi 2013 yilda vafot etgan sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Payzigeldi Meredovning oʻgʻli Botir Meredov boʻlgan.

Turkmaniston maxsus xizmatlari Mari viloyatining 20 dan ortiq aholisini qurolli toʻntarishga tayyorgarlik koʻrganlikda gumon qilib qoʻlga oldi, deya xabar bermoqda Turkmen.news manbalarga asoslanib.
Nashrning yozishicha, davlat toʻntarishining tashkilotchisi 2013 yilda vafot etgan sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Payzigeldi Meredovning oʻgʻli Botir Meredov boʻlgan. Turkmaniston ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Axmet Xodjatovning hibsga olingani haqida ham maʼlumot mavjud.
Ehtimoliy isyonchilar Turkmanistonga qurol-yarogʻlarni “butun yuk mashinalari” bilan olib kirgan. Manbalardan birining qoʻshimcha qilishicha, rasmiylar qurolli fitna haqidagi maʼlumotni mamlakatda internetni ommaviy ravishda toʻsib qoʻyish orqali yashirishga uringan.
YeXHT maʼlumotlariga koʻra, Payzigeldi Meredov birinchi prezident Saparmurod Niyozov vafotidan keyin hibsga olingan. 2007 yilda sud uni xizmat vazifalariga beparvolik aybi bilan 19 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Bir yil oʻtgach, u rejimni buzgani uchun mashhur Ovadan Depe siyosiy qamoqxonasiga oʻtkazildi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, u 2013 yilda koloniyada yurak xurujidan vafot etgan.
Axmet Xodjatov 2018 yilda ichki ishlar vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlangandi. Tegishli farmonni Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov imzolagan. Ilgari Xodjatov Mari viloyati IIBni boshqargan.