Yerda ikki haftalik magnit boʻronlari boshlandi. Tavsiyalar
Qolaversa, tananing stresslarga chidamliligi pasayadi.

Bugundan boshlab Yer yuzida 14 kunlik magnit boʻronlari boʻlib oʻtishi kutilyapti. Xoʻsh, magnit boʻroni oʻzi nima? Uning salbiy taʼsiridan qanday himoyalanish lozim?
Sogʻliqni saqlash vazirligi oliy toifali shifokor Raʼno Nosirovaning fikrlarini taqdim etdi.
— Yerning magnit maydoni taʼsiri odatda insonlarga sezilmaydi, — deydi mutaxassis. — Biroq baʼzan ushbu maydonda ayrim odamlar his etishi mumkin boʻlgan tebranishlar kuzatiladi. Buning asosiy sababchisi quyoshdir.
Yaʼni odatda uning faolligi kuzatilganda sayyoramizni magnit boʻronlari qoplaydi. Bu esa surunkali xastaliklarga chalingan insonlar salomatligiga salbiy taʼsir etishi mumkin. Ayniqsa, yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astma bilan ogʻriyotgan bemorlar bu oʻzgarishlarni koʻproq his etadi.
Xususan, arterial gipertoniya xastaligi bor odamlarda qon bosimi koʻtarilib, aksincha gipotenziv bemorlarning qon bosimi pasayadi. Qandli diabet bilan ogʻriyotgan kishilarning qonida qand miqdori ortadi.
Qolaversa, tananing stresslarga chidamliligi pasayadi. Oqibatda asab tizimi bilan bogʻliq muammosi bor insonlarda gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayib, asabiylik, holsizlik, reaksiya susayishi yoki kuchayishi belgilari yuzaga keladi.
Shuningdek, magnit boʻronlari payti baʼzi odamlarda yorugʻlik va baland tovushlarga ogʻriqli reaksiya, uyqusizlik yoki aksincha uyquchanlik paydo boʻladi. Shu sababli magnit boʻronining salbiy taʼsirlaridan insonlar oʻzlarini himoyalashi lozim.
Buning uchun, avvalo, toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish zarur. Yaʼni hazmi ogʻir taomlardan tiyilish, yengil yeguliklar, xususan, qaynatilgan ovqatlar, xoʻl meva va sabzavotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Kunlik taomnomada tuz miqdorini kamaytirish kerak. Chunki u qon bosimini oshiradi. Shu bilan birga, jismoniy mehnatni cheklash, aqliy zoʻriqishlardan tiyilish maqsadga muvofiq.
Qolaversa, shu kunlari spirtli va energetik ichimliklardan mutlaqo voz kechgan maʼqul. Tez-tez iliq dush qabul qilish ham magnit boʻronining salbiy taʼsirini yengishga yordam beradi.