platina.uz
Iqtisod

Ijara narxlari oʻsishdan toʻxtaydimi?

Oʻtgan qishda butun Oʻzbekistonda boʻlgani kabi poytaxtda ham kuzatilgan anomal sovuqlar shahar maʼmuriyatining bunday vaziyatga mutlaqo tayyorgarlik koʻrmagani va noʻnoqligi, “B” rejaga ega emasligi, kommunal xizmatlarning har qanday fors-major qarshisida ilojsizlikdan falajlanib qolishi mumkinligini oshkor qildi.

Ijara narxlari oʻsishdan toʻxtaydimi?

Oʻzbekistondagi katta shaharlar doimo qishloq aholisini oʻziga jalb etib keladi. Oʻqishga va ishlash uchun uzoq muddatga yoki doimiy yashashga kelgan aholi duch keladigan eng katta muammo – ijaraga joy topish hisoblanadi. Uy narxlari va mehmonxonada tunash qiymatlariga hamma ham dosh bera olmaydi. Qolaversa, uy-joylar kam qurilib, mehmonxona, ayniqsa arzon mehmonxonalar yetishmasligi muammoni battar oʻtkirlashtiradi.

Toshkent shahrida ijaraga xonadon topish muammosi kattalashib, ijara narxlari yildan-yilga moʻʼtadil oshib bormoqda. Ora-sira biroz pasaysa-da, narxlarning umumiy dinamikasi faqat oʻsishni koʻrsatmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va umumiy harbiy safarbarlik eʼlon qilingani poytaxtdagi ijara narxlariga qattiq taʼsir koʻrsatdi. 1 kv. m. uchun ijara narxi atigi 2 yil oldin 3-5 dollar boʻlgani holda, ayni paytda bu koʻrsatkich 9 dollardan pastga tushmayapti.

Garchi rossiyalik relokantlarning aksariyati Oʻzbekistondan tramplin va tranzit makon sifatida foydalanib, keyin boshqa davlatlarga koʻchib ketgan boʻlsa-da, koʻchmas mulk ijarasi narxlari avvalgi qaddiga kela olmadi baribir. Biroq, tadqiqotlarga koʻra, baribir biroz pasayish kuzatilmoqda.

Oʻzbekistondagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2023 yil birinchi choragida Toshkent shahrining koʻchmas mulk ijarasi bozoridagi narxlar bilan bogʻliq vaziyatni tahlil qilib, shunday xulosaga kelgan.

Xususan, yanvar-fevral oyidagi holatga nazar solsak, poytaxtning aksariyat tumanlaridagi turar-joy ijarasining oʻrtacha narxi 1 kv. m. uchun 9,86 dollarni tashkil etgan. Bu yanvar oyidagi xuddi shu koʻrsatkich bilan solishtirganda 2,3 foizga kam.

Shu bilan birga, ijara narxlari eng qimmat tumanlar orasida Shayxotohur (13,3), Yakkasaroy (12) va Mirobod (12) tumanlari peshqadamlik qilmoqda. Nisbatan past narxlar esa Uchtepa (7,7), Sergeli (6,8) va Bektemir (6,6) tumanlarida qayd etilgan.

Yanvardagi ijara narxlari biroz pasayganiga qaramasdan, Toshkentda ijaraning oʻrtacha narxi 2022 yilning shu davriga nisbatan 19,9% ga oʻsgan.

Ijara narxlarining muttasil oshib borishi bir qancha omillarga bogʻliq. Aholi sonining koʻpayib borayotgani, urbanizatsiya, yaʼni shaharga koʻchib kelish koʻlami kengaygani, shuningdek, iqtisodiyot nisbatan erkinlashtirilgani taʼsirida koʻchmas mulk bozoriga investitsiyalar hajmi ortgani shunday omillar sirasiga kiradi.

Ayniqsa, urbanizatsiya omili alohida tadqiqotga loyiq. Oʻtgan qishda butun Oʻzbekistonda boʻlgani kabi poytaxtda ham kuzatilgan anomal sovuqlar shahar maʼmuriyatining bunday vaziyatga mutlaqo tayyorgarlik koʻrmagani va noʻnoqligi, “B” rejaga ega emasligi, kommunal xizmatlarning har qanday fors-major qarshisida ilojsizlikdan falajlanib qolishi mumkinligini oshkor qildi. Gaz va elektr energiyasini yetkazib berish izdan chiqdi. Shahar aholisi hatto koʻchada qozon yoqib ovqat qilishga va gulxan atrofida isinishga majbur boʻldi. Bunday vaziyatdan chiqishda qishloqdagilar ancha koʻproq imkoniyatga egaligini koʻrsatib qoʻydi. Natijada aholi ongida “endi Toshkent avvalgidek qulay hayot sharoitlar oazisi emas” degan fikr shakllandi. Lekin hatto shu fikr ham aholining poytaxtga koʻchishiga toʻsqinlik qila olmayapti.

Chunki qishloqlarda hal etilmayotgan ishsizlik va hayot sharoitlarining yaxshilanmayotgani bois ham odamlar baribir Toshkentga “qochish”ga majbur boʻlmoqda.

Qolaversa, butun jahonda va xususan Oʻzbekistonda tez surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan suv tanqisligi ham urbanizatsiya koʻlamini oshirishi kutilmoqda. Xalqaro prognozlarga koʻra, yaqin 20-30 yil ichida Markaziy Osiyo mintaqasining katta hududlari suvsizlik bois choʻlga aylanadi. Faqat shaharlarda yoki suv hali mavjud hududlarda yashash mumkin. Chorvachilik va dehqonchilik imkonsiz boʻlib qoladi.

Bu kabi omillar kelajakda ijara narxlarinnig yanada koʻtarilib borishiga sabab boʻlishini anglash qiyin emas.

Hozircha esa, nazarimizda eng maqbul yoʻl, kam daromadga ega aholi qatlamlari uchun arzon uy-joylar qurish va ipoteka kreditlari taqdim etish xizmatlarini rivojlantirish hisoblanadi xolos. Ipoteka kreditlari boʻyicha alohida toʻxtalib oʻtganmiz.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid