Yirik miqdordagi sigaretlar yoqib yuborildi
Yoʻq qilingan tamaki mahsulotlari Toshkent shahar Mirobod tumanidagi xonadonlardan biridan topilgan boʻlib, 140 dan ziyod turda, umumiy qiymati qariyb 3,5 mlrd. soʻmni tashkil etadi.

Bugun poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qoʻyilgan ana shunday kontrafakt tovarlardan biri - tamaki mahsulotlarining yirik partiyasi keng jamoatchilik ishtirokida yondirib tashlandi.
Bugun yoʻq qilingan tamaki mahsulotlari Toshkent shahar Mirobod tumanidagi xonadonlardan biridan topilgan. Joriy yilning 22 fevral kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda bu xonadonda xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan 140 dan ziyod turdagi, umumiy qiymati qariyb 3,5 mlrd. soʻmlik 228144 quti tamaki mahsulotlari qonunga xilof tarzda saqlanayotgani aniqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1861-moddasiga koʻra, mazkur holatga jinoyat ishi ochilib, tegishli tergov-surishtiruv ishlari yakunlangach, bu qonunbuzarlik 15 iyunda Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudida koʻrib chiqildi. Sudning joriy yilning xukmiga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha ashyoviy dalil tariqasida olingan mazkur tamaki mahsulotlarini yoʻq qilish belgilandi.
Yuqorida aytib oʻtganimizdek, kontrafakt tamaki chegaradagi yoki avia- yoki temir yoʻl vokzallaridagi bojxona postlarida ushlab qolinmagan. Ular poytaxtdagi xonadondan topilgan. Xoʻsh, chegaralarimiz mustahkam deb gʻururlanib yurgan odam buni qanday tushunishi kerak? Yoki bojxona xodimlarining hushyorligi sustmi?
Bojxona qoʻmitasi masʼul xodimlarining taʼkidlashicha, bu mahsulotlar qoʻshni davlatlardan rasmiy nazorat-oʻtkazish postlari orqali emas, balki aylanma yoʻllar bilan keltirilgan. Masalan, daryodan oqizdirilib, hayvonlar va qushlarga bogʻlab qoʻyib, yer osti yoʻllari qazilib va boshqa yoʻllar bilan yashirincha keltiriladi. Qoʻshni davlatlar bilan chegaralarimizning ayrim qismlarining geografik oʻziga xosliklari afsuski, bunday noqonuniy xatti-harakatlar uchun imkon yaratmoqda. Shunday boʻlsa-da, bojxona xodimlari ogohlikni qoʻldan berishgani yoʻq.
2023 yilning 6 oyida bojxona organlari tomonidan 155 ta huquqbuzarlik holatlarida 37,5 mlrd. soʻmlik 1 mln. 610 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qoʻyilgan.
Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 53 ta holatda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan, shuningdek 90 ta holatda maʼmuriy ishlar yuritilib koʻrib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
Tahlillarga koʻra, respublikamiz hududiga tamaki mahsulotlarini asosan Turkiya, Rossiya, BAA, Tojikiston, Qirgʻiziston va boshqa davlatlardan noqonuniy tarzda olib kirishga urinilmoqda.
Ichki hududlar kesimida tahlil qilinsa, aniqlanayotgan eng koʻp noqonuniy sigaret mahsulotlari Namangan, Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan sigaretlarning asosiy qismini “Milano”, “Esse”, “Mond”, “Kavallo”, “Parlament”, “Xeyets”, “Marlboro” kabi sigaretlar tashkil qilmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov