Belaruslik yana bir vazir kutilmaganda vafot etdi
Belarusning sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey ham 2022 yil noyabrida kutilmaganda vafot etgandi.

Belarus transport va kommunikatsiyalar vaziri Aleksey Avraamenko 47 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda BelTA axborot agentligi.
Ochiq manbalardan olingan maʼlumotlarga koʻra, Avraamenko oʻz faoliyatini boshidanoq yoʻl qurilishi sohasida ishlagan - Belarus davlat politexnika akademiyasini tamomlagach, yoʻl qurilish boshqarmasi va trestda ishlagan.
2006 yildan beri Avraamenko hukumatda, Belarus Vazirlar Kengashining Transport va kommunikatsiyalar departamentidan boshlab ishlagan. 2013 yildan Transport va kommunikatsiyalar vazirligida vazir oʻrinbosari, 2016 yilda birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. 2019 yilda Avraamenko vazir etib tayinlangandi.
Oʻlim sabablari ochiqlanmagan.
Eslatib oʻtamiz, Belarusning sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey ham 2022 yil noyabrida kutilmaganda vafot etgandi.