platina.uz
Jahon

Bolasi siropdan oʻlgan gambiyaliklar hind kompaniyasini sudga berdi

Oʻzbekistonda ham yigirmadan ziyod bola   “Ambronol” va “DOK-1 Maks” siroplari isteʼmolidan soʻng vafot etgandi. 

Bolasi siropdan oʻlgan gambiyaliklar hind kompaniyasini sudga berdi

Gambiyada yoʻtal siropi ichish ortidan vafot etgan yigirma nafar bolaning qarindoshlari Hindistonning Maiden Pharmaceuticals kompaniyasi hamda mahalliy hokimiyatni sudga berdi. Bu haqda Reuters yozmoqda.

Hali ommaga eʼlon qilinmagan ariza oʻtgan yili Gambiyada oʻtkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan yetmishga yaqin chaqaloq va bolalar ishi boʻyicha yangi jabha ochishi kutilmoqda.

Hujjat juma kuni Gambiya Oliy sudiga taqdim etildi. Unda oilalar har bir bola uchun taxminan 250 000 dollar tovon puli talab qilmoqda, bu 20 nafar bola uchun taxminan 5 million dollar mablagʻni tashkil etadi.

Oilalar, shuningdek, Gambiya Sogʻliqni saqlash vazirligi, Narkotik moddalarni nazorat qilish agentligi va mahalliy distribyutor Atlantic Pharmaceuticals kompaniyasini sudga berishmoqda.

Gambiya sud hokimiyati vakili daʼvo arizasi berilganini tasdiqladi. Daʼvoda koʻrsatilgan tomonlarning hech biri, shu jumladan Maiden kompaniyasi OAVning soʻrovlariga javob bermagan.

“Oilalarning boshidan kechirganlarini his qilish uchun farzandli boʻlish shart emas. Bu juda qoʻrqinchli”, deydi ish boʻyicha shugʻullanayotgan bosh advokat Lubna Faraj.

Eslatib oʻtamiz, 2022 yil dekabrida Gambiyada 66 bola yoʻtal siropi qabul qilinishi ortidan vafot etgandi.

Afsuski, bunga oʻxshash voqealar Oʻzbekiston uchun ham begona emas. Oʻtgan yili oxirida yigirmadan ziyod bola “Ambronol” va “DOK-1 Maks” siroplari isteʼmolidan soʻng vafot etgandi. Soʻngra, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasi zaharli sanoat mahsulotidan foydalangani aniqlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid