Uch yil avval ishchilari norozilik chiqishlari qilgan zavodga direktor tayinlandi
Eslatib oʻtamiz, ushbu zavod rasman 2021 yil 25 dekabrda Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida ochilgangandi.

Bahadirov Alisher Shukuraliyevich — “Uzbekistan GTL” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori lavozimiga tayinlandi.
A.Bahadirov shu kunga qadar “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Gazni qayta ishlash va gaz-kimyo departamenti boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
U oʻz faoliyatini 2000 yilda “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” unitar shoʻba korxonasi polietilen sexi kuzatuvchisi, smena muhandisligidan boshlagan, deyiladi Energetika vazirligi maʼlumotida.
Eslatib oʻtamiz, ushbu zavod rasman 2021 yil 25 dekabrda Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida ochilgangandi. Majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan.
Aytish joizki, 2020 yil oktabr oyida zavodda ishchilar noroziligi yuz bergandi. Norozilikka 3-4 oylab maosh berilmagani sabab sifatida keltirilgan.
Ammo Energetika vaziri oʻrinbosari Behzod Normatov OAVga bergan intervyusida mazkur maʼlumotni inkor qilib chiqqandi. Oʻrinbosarning aytishicha, ovqatlanish joylariga elektron kirish tizimi muammo norozilikka aylanib ketgan.
Oʻsha vaqtdagi energetika vaziri Alisher Sultonov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri (sobiq) Nozim Husanov, Qashqadaryo viloyati hokimi (sobiq) Zoyir Mirzayev “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari voqea joyiga borib ishchilar bilan suhbat oʻtkazgandi.