Jurnalistlar uchun milliy maʼruza tayyorlanyapti
Prezident, shu bilan birga, "yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealar"ni tilga olgan.

Jurnalistika sohasida turgan vazifalarni aniq belgilab olish va amalga oshirishda hozirgi vaqtda Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Milliy maʼruza tayyorlanmoqda.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida maʼlum qilgan.
"Biz mamlakatimizda soʻz va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini taʼminlash masalasini inson qadrini ulugʻlash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz", deya taʼkidlanadi davlat rahbari tabrigida.
Prezident, shu bilan birga, "yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealar"ni tilga olgan.
"Ayrim mintaqa va hududlarda ommaviy axborot vositalari muayyan siyosiy kuchlar qoʻlida informatsion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalgʻitishga, oqni – qora, qorani – oq deb koʻrsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etish lozim", deyiladi tabrik matnida.
Shavkat Mirziyoyev OAVni izchil rivojlantirish bundan buyon ham eʼtibor markazida boʻlib qolishini maʼlum qilgan.
Avvalroq, bayram munosabati bilan bir guruh jurnalistlar taqdirlangani xabar berilgandi.