Prokuratura 178 nafar mansabdorni rasman ogohlantirdi
Prezident qarori ijrosi yuzasidan tekshiruv oʻtkazilgan.

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan joylarda qurilish-taʼmirlash ishlarini tekshirish asnosida yuzlab amaldorlar ogohlantirilgan, ayrimlari javobgarlikka ham tortilgan.
Bu haqda prokuratura maʼlumotida aytiladi.
Jumladan, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasidagi Prezident qarori ijrosi yuzasidan tekshiruv oʻtkazilgan.
Prokuratura organlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 90 ta holatda sifatsiz bajarilgan qurilish taʼmirlash ishlar, 46 ta holatda qoʻshib yozish holatlari aniqlanib, bartaraf etilishi taʼminlangan.
Qaror ijrosini oʻz vaqtida sifatli bajarish va yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida 213 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanildi.
Jumladan, 178 nafar mansabdor shaxslar rasman ogohlantirildi, 12 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, 2 nafar mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Aniqlangan qoʻpol qonun buzilishi holati yuzasidan 2 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Maʼlumotda aytilishicha, yoʻl infratuzilmasida 295 ta ichki yoʻllar, 32 ta umumfoydalanuvchi yoʻl obʼektlari foydalanishga topshirilib, 610,9 km. yoʻllar asfalt va 48 km. yoʻllar sement-beton bilan qoplangan.
Mazkur yoʻnalishda nazorat tadbirlar davom etmoqda.