Ichki ishlar vazirligi viloyat IIB xabarini rad etdi
Tadbir tashkilotchilari hukumat qarori talablarini inobatga olmagan holda 2000 dan ziyod fuqarolar uchun ommaviy koʻngilochar marosimini tashkil etganlar.

Samarqand tumani “Vavilon” choʻmilish havzasining ochilish marosimidagi tadbirida qatnashgan ayollarning hech biri tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmagan va ularga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilmagan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi ushbu holatni rad etib chiqqan. Avvalroq xabarda aks etgan, tadbirda ishtirok etgan ayollarga nisbatan teri-tanosil kasalliklari koʻrigidan oʻtkazilgani va OITS/OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olingani toʻgʻrisidagi maʼlumot viloyat IIB matbuot kotibi J.Sagdullayev tomonidan shoshmashosharlik bilan vaziyatni toʻliq oʻrganmagan holda tayyorlangan.
Holatni IIV oʻrganganda 16 iyun kuni “Vavilon” choʻmilish havzasining ochilish marosimi tashkilotchilari hukumat qarori talablarini inobatga olmagan holda 2000 dan ziyod fuqarolar uchun ommaviy koʻngilochar marosimini tashkil etganlar.
Ushbu kelishilmagan jamoat tadbiri turli tartib buzilishlarga olib kelishi mumkinligini inobatga olgan holda, mazkur holat Samarqand viloyati IIB tomonidan oʻrganilib, tadbir tashkilotchilari bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, kelgusida xavfsizlik choralari koʻrilishi zaruriyati haqida qatʼiy ogohlantirilganlar.
Hozir Ichki ishlar vazirligi viloyat IIB xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlagan.




