Xorazmda sud va prokuraturaning adolatsizligi maʼlum boʻldi
Bir fuqaro yoʻl-transport hodisasida ham oʻzi jabr koʻrib, ham mashinasi shikastlanib, ham oʻzi jazolangani, bu boʻyicha murojaat qilmagan odami qolmaganini maʼlum qilgan.

Xorazmda bir fuqaro yoʻl-transport hodisasida ham oʻzi jabr koʻrib, ham mashinasi shikastlanib, ham oʻzi jazolangani, bu boʻyicha murojaat qilmagan odami qolmagani maʼlum boʻldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili(ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorovga murojaatchi M.S. murojaat qildi.
Aniqlanishicha, murojaatchining oʻgʻli “Matiz” mashinasini Urganch-Xiva avtomobil yoʻlida oʻz harakat polosasida boshqarib kelayotganida, orqasida yuk ortilgan tirkamasi boʻlgan “Kobalt”da katta tezlikda harakatlanib kelayotgan haydovchi X.X. qarama-qarshi yoʻnalishda boshqaruvni yoʻqotib YTH sodir etgan. Natijada “Matiz”ga 18,5 mln. soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan.
Murojaatchining yozishicha, sud-tergov jarayonlarida haydovchi X.X. emas, balki oʻz harakat polosasidan chiqmagan “Matiz” haydovchisi javobgarlikka tortilgan. Murojaatchi M.S. sud hukmi ustidan appelyatsiya shikoyatini bergan, lekin apellyatsiya sudi birinchi instansiya sudining hukmini oʻzgarishsiz qoldirgan. Ish Oliy sudgacha borgan va nihoyat apellyatsiya ajrimi bekor qilinib, ish qayta koʻrish uchun qaytarilgan. Takroriy apellyatsiyada “Matiz” rusumli mashina egasi oqlangan.
Lekin jinoyat ishining bir qismi Xorazm viloyat prokuroriga yuborilgan boʻlishiga qaramasdan YTHda aybdor shaxsning javobgarlikka tortish masalasi hal etilmagan. Murojaatchi M.S. bir necha marotaba viloyat prokuraturasiga murojaat qilganida X.X. harakatlarida jinoyat alomatlari boʻlmaganligi sababli jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad qilingani toʻgʻrisida maʼlum qilingan.
Oradan 6 oy oʻtgach, murojaatchi Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakiliga murojaat qilgan va holat nazoratga olingan. Ombudsman mintaqaviy vakili Odilbek Olloyorov ish hujjatlarini oʻrganib, tergovchining jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarori asossiz ekanligini koʻrsatib, ishni qonuniy koʻrib chiqish boʻyicha Xorazm viloyat prokuroriga murojaat qilgan.
Shundan soʻng, X.X.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayblov hukmi chiqarildi. Bu bilan yoʻl transport hodisasi natijasida yetkazilgan zararlarni fuqarolik ishlarini yuritish tartibida undirish imkoni yaratildi.