platina.uz
Iqtisod

Asosiy stavka oʻzgarmadi: taʼsiri qanday?

Keng qamrovli inflyatsion jarayonlarning yumshab borayotgani isteʼmol savatidagi narxi 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlarning ulushi 50 foizgacha kamayishiga imkon berdi.

Asosiy stavka oʻzgarmadi: taʼsiri qanday?

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Bungacha ham shu foizda edi.

Maʼlumotga koʻra, may oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 10,4 foizgacha sekinlashdi. Bunda bazaviy inflyatsiya sekinroq pasayib, 12,4 foizni tashkil etdi.

Keng qamrovli inflyatsion jarayonlarning yumshab borayotgani isteʼmol savatidagi narxi 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlarning ulushi 50 foizgacha kamayishiga imkon berdi. Biroq ushbu koʻrsatkich 2020-2021 yillardagi 30-40 foizdan yuqori darajada shakllangan.

Oʻtgan yilgi yuqori baza taʼsirlarini tugab borishi, mavsumiy omillar va tartibga solinadigan narxlarning deyarli oʻzgarishsiz saqlanligi hamda milliy valyuta almushuv kursining nisbatan barqaror darajada boʻlganligi inflyatsiyaning pasayishiga xizmat qilgan asosiy omillardandir.

Ayni paytda, inflyatsiyaning uzoq muddatli komponentlarida barqaror pasayish tendensiyasi sekin shakllanmoqda.

Keyingi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalarini pasayuvchi trendi davom etib, may oyida 13,7 foizni tashkil etdi. Ichki iqtisodiy sharoitlarning barqarorlashib borayotgani tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarining 13,5 foizgacha pasayishida oʻz aksini topdi.

Iqtisodiy faollikning muqobil koʻrsatkichlarining aksariyati joriy yilning aprel-may oylarida oʻsuvchi dinamikani davom ettirib, uzoq muddatli tendensiyadan yuqoriroq shakllandi. Banklararo bitimlar hajmi hamda savdo va pullik xizmatlardan tushumlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan mos ravishda 1,6 va 1,4 barobarga oshgani iqtisodiyotda yuqori isteʼmol faollikning saqlanib qolayotganligidan dalolat beradi.

Global inflyatsiya jarayonlari, asosan, energetika va xomashyo bozorlaridagi narxlarning oʻtgan yilgi oshiruvchi taʼsirining kamayishi hisobiga sekinlashayotgan boʻlsa-da, inflyatsiyaning target koʻrsatkichlaridan balandligi va xizmatlar sohasidagi oshiruvchi xatarlar saqlanib qolayotganligi tashqi moliyaviy sharoitlarning qatʼiy shakllanishiga sabab boʻlmoqda.

Oʻtgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab banklararo pul bozorida Uzonia stavkasi va oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari foiz koridori doirasida 13,5 foiz atrofida shakllandi. Pul bozorini nisbatan uzoqroq muddatli segmentlaridagi foiz stavkalar, likvidlikning tarkibiy profitsitini kamayib borishi sharoitida, nisbatan oʻsuvchi dinamikani kasb etgan.

Joriy yilning may oyida jismoniy va yuridik shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari mos ravishda 20,8 va 17 foizni tashkil etib, jami muddatli depozitlarning oʻtgan yilga nisbatan 1,5 barobarga, aholi depozitlarini esa 1,6 barobarga oʻsishi kuzatildi.

Milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari may oyida biroz pasayib, 22,8 foiz darajasida shakllandi. Oʻz navbatida, kreditlash hajmining oʻsishi asosan chakana kreditlarni yuqori surʼatlarda oʻsishi hisobiga taʼminlanmoqda. May oyi yakunlari boʻyicha chakana kreditlar qoldigʻi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga koʻpaygan.

Makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida 2023 yil yakuniga qadar inflyatsiyaning 8,5-9,5 foizgacha pasayishi hamda inflyatsiyani pasaytiruvchi omillar taʼsirini oshiruvchi omillarga nisbatan kuchliroq boʻlishi kutilmoqda.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi va tashqi sharoitlarning narxlarga nisbatan taʼsirlarni moʻʼtadilligi inflyatsiyani pasaytiruvchi omillar sifatida qaralmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid