Rekord darajadagi issiq, chang-toʻzon va oʻziga mukofot puli yozgan gidrometchilar (video)
Nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyogacha “palak yoyayotgan” Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi maʼlumotlariga ishonsa boʻladimi? Ob-havo bashorati nimalarga asoslanadi? Bu yil yoz oʻtgan yilgi rekordni ham ortda qoldiradimi? Chang-toʻzonli ob-havo yana boʻladimi? “Gidromet” xizmati agentligi “katta”lari oʻzlariga yozgan mukofot pullarini byudjetga qaytardimi?

Nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyogacha “palak yoyayotgan” Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi maʼlumotlariga ishonsa boʻladimi? Ob-havo bashorati nimalarga asoslanadi? Bu yil yoz oʻtgan yilgi rekordni ham ortda qoldiradimi? Chang-toʻzonli ob-havo yana boʻladimi? “Gidromet” xizmati agentligi “katta”lari oʻzlariga yozgan mukofot pullarini byudjetga qaytardimi?
“Xalqona” loyihasining bugungi mehmoni – Gidrometereologiya xizmati agentligining rahbari Sherzod Habibullayevdan ana shu savollarga eksklyuziv javob oldik.
– Avvalo sohada oxirgi 5 yilda qanday oʻzgarishlar boʻldi, qanday islohotlar amalga oshirildi?
– Har bir oʻzgarishning oʻz tartibi va bosqichi boʻladi. Avvalo kadrlar potensialiga toʻxtalish kerak. Oʻtgan 30 yil davomida kadrlar masalasi, umuman, moliyalashtirish masalasi dolzarb boʻlgan. Bu sohada oqsoqlanish boʻlgan. Bu kadrlarning oʻsishi, ustoz-shogird tizimida yoshlarning kamligi bilan bogʻliq. Yoshlarning bu yerga ishga kelmasligining asosiy sababi oylik maosh miqdorining pastligi boʻlgan.
Prezidentimizning ikki yarim yil avval qabul qilgan katta qarorlari bilan tashkilotimizda oylik maoshlari 3,5 baravargacha, vaqti kelsa, uzoq yil ishlaganlarniki 4 baravargacha koʻtarildi. Shu bilan birga, qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish tartibiga oʻtildi. Fermer xoʻjaliklari va klasterlarga koʻrsatilgan xizmatlar asosida, kim shu ishlarga hissa qoʻshgan boʻlsa, oylik maoshiga qoʻshimcha mukofot beriladi.
Ikkinchidan, moddiy tomondan ham joylarda katta oʻzgarishlar qilindi. Yaʼni, bizda uzoq hududlarda ishlaydigan stansiyalarning koʻpchiligi xalqaro standart boʻyicha kunu tun, 24 soat doimiy ishlaydi. Oʻsha standartlar boʻyicha ish sharoitlari yaxshilandi. Stansiyalar zamonaviy asosda yangilandi. Ular zamonaviy texnikalar bilan taʼminlandi. Quyosh panellari oʻrnatilib, energetik mustaqilligi taʼminlandi. Stansiyalar maʼlumotlarni har 10 daqiqada yangilab, avtomatik rejimda uzatib turadi. Shuningdek, ishchi xodimlarning ish sharoitlari ham yaxshilangan.
Uchinchisi, bizning xalqaro darajadagi maqomimiz. Bu asosiysi hisoblanadi. Hozirgi bizning Gidrometrologiya markazimiz mintaqada yetakchi hisoblangan va buni xalqaro metrologiya tashkiloti rasmiy tan olgan. Hozirgi kunda shu maqomning oʻzini oqlayapmiz. Biz bergan prognozlardan Markaziy Osiyoda yordam sifatida foydalanishadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyodagi barcha maʼlumotlar bizning super kompyuterimizga kelib tushib, maʼlumotlarga ishlov berilib, har uch soatda yangilanib, xalqaro metrologik tashkilotga va Jahon bankiga (World bank) uzatiladi.
Bu tizim avval ham bor edi. Lekin prognozlash darajasi faqatgina Oʻzbekiston miqyosida boʻlgan boʻlsa, hozir Markaziy Osiyo miqyosida hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Oddiy misol - suv balansi. Har doim yil boshida muzliklarni oʻrganish, qor va yomgʻir yogʻingarchilikni oʻrganish, sunʼiy yoʻldoshdan olayotgan maʼlumotlarimiz, joylardagi avtomatik stansiyalarning hammasi bergan maʼlumotlar yigʻindisidan bir yillik suv balansi chiqariladi. Balans asosida Oʻzbekiston hududida qancha suv boʻlishi mumkinligi hisoblab chiqariladi. Ana shu hisob-kitoblar hozir Markaziy Osiyoda hamkorlikda amalga oshirilmoqda va ularda ham, bizda ham bu maʼlumotlar yuqori darajadagi aniqlik bilan qabul qilinadi.
– Bu yil Oʻzbekistonni nimalar kutyapti? Oʻtgan yili chang boʻronlari, anomal issiq va anomal sovuqlar boʻldi. Bu yil ham shu takrorlanadimi?
– Qisqa qilib aytganda yoz fasli yaxshigina issiq boʻlishi kutilmoqda. Bu borada tegishli prognozlarni berganmiz. Oʻtgan yili barcha shaharlarimizda issiqlik rekordlari oʻrnatilgan boʻlsa, bu yil oʻsha darajadan kam boʻlmasligi prognoz qilingan.
Bu faqat Oʻzbekiston olim va mutaxassislarining xulosasi emas. Bu xalqaro darajada olimlarning ham xulosasi. Prognozlar esa yuqorida aytganimdek, uzoq muddatli prognoz, suv kamligi, suv balansidan kelib chiqib, aholimiz soni Markaziy Osiyoda eng koʻpligi inobatga olinib, hamma hisob-kitoblardan kelib chiqib, keyin tayyorlanadi.
Bu yil yoz, prognozlarimizga koʻra, haqiqatan ham juda issiq boʻladi. Gap uning issiqligida emas, harorat darajasida emas. Masalan, oʻtgan yili iyul oyida maʼlum bir vaqtda 40 daraja boʻlsa, issiqlikning ana shu davom etish davri muhim. Shu jihatga ahamiyat berishni soʻragan boʻlardim. Sababi, mana “issiq boʻlmadiku, 38 boʻldiku, yoki 35 boʻldiku”, deb eʼtiroz bildirishlari mumkin. Toʻgʻri, koʻp yillik maʼlumotlarga nisbatan, issiq boʻlishi judayam tezlashib ketdi. Oldinlari bu issiqlarning eng uzoq davom etgani 5-7 kun boʻlgan. Kechasi ham kunduzi ham. Oʻtgan yili bu bizda 20 kunga chiqdi. 20 kun baland harorat boʻlib turgan. Bu yil ham 20 kun boʻladigan boʻlsa, bu issiq hatto rekord boʻlmasa ham, taʼsiri sezilarli darajada boʻlishi mumkin. Eng avvalo, yosh bolalar, yoshi ulugʻlar, qariyalarimiz, ob-havo oʻzgarishlariga sezgir odamlarga taʼsir qiladi. Yoki texnikalarni olaylik. Ular ham maʼlum haroratda samarali ishlaydi. Sovutish tizimlari zoʻriqib ishlashi kerak. Hatto maʼlum haroratda ishdan toʻxtashi ham mumkin. Bizning prognozlarimizga koʻra, mana shu davomiylik uzoq boʻlishi kutilmoqda.
– Suv tanqisligi oqibatida oʻtgan yili qurgʻoqchilik natijasida masalan, Qozogʻistonda chang-toʻzon boʻronlar koʻtarilgan edi. Bu yil ham shu holat takrorlanadimi?
– Namlik bilan changli boʻronni bogʻlash qiyinroq. Markaziy Osiyo Xitoy va Eron orasida joylashgan. Endi mutaxassislar Markaziy Osiyoni ham, yaʼni koʻproq Qozogʻiston hududlarini hamda Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning choʻlli hududlarini uchinchi manba sifatida koʻra boshladi. Agar davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga qoʻyilgan katta-katta loyihalarni amalga oshirmasak, bu narsalarni yumshatilishiga erishamiz.
Olimlarning hisob-kitoblari boʻyicha hozir Markaziy Osiyoda havo yiliga 2 darajadan isib boryapti. Bu Markaziy Osiyo uchun katta koʻrsatkich hsoblanadi.
– “Gidromet” qanday manbalar hisobidan moliyalashtiriladi?
– Oʻzgidromet faoliyatining asosiy moliya manbasi davlat byudjeti hisoblanadi. Toʻliq byudjetdan moliyalashtiriladi. Qoʻshimcha toʻlovlar esa, uzoq yillar ishlagani, olimlarimizning ham qoʻshimcha ustamalari ham hammasi byudjet parametrlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Oʻzgidromet oʻzining oldiga daromad olishni maqsad qilib qoʻymagan. Asosiy maqsad – oʻz xizmatimizni bajarish.
Lekin ikki yarim yil oldin biz bergan maʼlumotlarni koʻrsak, bizning xizmatlarimiz mijozbop boʻlmagan. Foydalanadimi, yoʻqmi, bir xil eʼlon qilingan.
Lekin 2, 5 yil avval shu yerga ishga tayinlanganimdan keyin turli tashkilotlar va klasterlar bilan shartnoma asosida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻydik. Yaʼni har bir talabgorga oʻz ehtiyojlari va qiziqishlaridan, aynan qanday maʼlumot foydali ekanidan kelib chiqqan holda xizmat koʻrsatishga oʻtdik. Natijada chetdan keladigan tushumlar 10 baravarga koʻpaydi.
Bu byudjetdan ajratilgan mablagʻdan 10 foiz qoʻshimcha tushum hisoblanadi.
Kim xizmat koʻrsatgan boʻlsa, bu pul taqsimlanib, oylik maoshiga qoʻshib beriladi.
– OAVda baʼzi hujjatlarning nusxalari tarqalib, shov-shuvga sabab boʻldi. “Oʻzgidromet” rahbari va oʻrinbosari oʻzlariga oʻzlari otning kallasidek maosh yozib olishibdi, degan xabarlar tarqaldi. Hattoki 40 million soʻmdan gapirishdi...
– Ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilgan hujjatlar aslida ochiq hujjatlar. Qolaversa, bu hujjatlarda nafaqat direktor va uning oʻrinbosari, shuningdek, boshqa xizmat koʻrsatgan xodimlar ham moddiy ragʻbatlantirilgan. Bu mablagʻlar koʻrsatilgan xizmatlardan tushgan mablagʻlar hisobidan toʻlangan. Byudjet pullaridan shakllantirilmagan. Koʻrsatilgan xizmatlardan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi boʻyicha qilingan. Unga tegishli hamma ruxsatnomalar olingan. Bu hujjatlar mavjud. Hammasi qonuniy rasmiylashtirilgan.
Endi ruxsat bersangiz yana bir jihatini aytmoqchi edim. Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda chiqqanidan keyin, reaksiya bizga maʼlum bir darajada yordam berdi. Koʻpchilik yoshlar ish soʻrab murojaat qildi. “Demak, sizlarda shunday moliyaviy imkoniyat” bor ekan, deyishdi. Albatta bu pullar shartnomalar tuzishga muvaffaq boʻlganlar orasida taqsimlanadi. Bu tartib mavjud. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani bir tarafdan yaxshi ham boʻldi. Birinchi tarafi yoshlarni qiziqtirdi.
Ikkinchi tomoni shuki, biz uchun, tashkilot uchun bir sinov boʻldi. Ishimizning natijasi, faoliyatimiz shaffofligiga baho boʻldi. Ayrimlar izohlarda yozishdi: “bir marta qishni aniq aytgan boʻlsa shuncha mukofot puli oladimi”, deb. Hech boʻlmasa xursand boʻlganim, mukofot oʻz yoʻliga, uni qonuniy rasmiylshtrigan edik, hech boʻlmasa qish ob-havosini bir marta aniq toʻgʻri aytdiku, degan bahodan xursand boʻldik. Chunki biz 24 soatli rejimda ishlaymiz. 1, 3, 5, 10 kunlik prognozlar chiqaramiz. Soat 9 da beriladigan prognoz uchun mutaxassilar soat ertalab 5 dan kelib munozara qilishadi...
– Kechirasiz, prognoz oʻz yoʻliga, lekin oʻsha mukofot pul mavzusiga qaytsak. Demak, mukofot puli yozshingizga yuqori turuvchi rahbariyat ruxsat berganmi?
– Ha ruxsat berishgan.
– Nega unda faqat sizning imzoingiz turibdi?
- Chunki yuqori rahbariyatning imzolari olingach, keyin shu buyruq qabul qilingan. Bunday masalalarni ikki idora – Moliya vazirligi va Gʻaznachilik tekshiruvdan oʻtkazadi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin alohida qoʻshimcha tekshiruvlar ham tashkil etildi. Hamma hujjatlar koʻrsatildi. Hammasi asosli ekani tasdiqlandi. Yana bir gap, agar oʻsha oʻsha mukofot puli notoʻgʻri shakllantirilganda men oʻsha pulni qaytarib berishim kerak edi. Shu bilan masala yopilardi aslida.
– Qaytarib bermadingizmi?
– Qaytarilgani yoʻq. Chunki oʻsha mukofot puli qonuniy rasmiylashtirilgan. Bu birinchidan. Ikkinchidan, bu byudjet puli emas. Yaʼni koʻrsatilgan xizmatlar mablagʻidan olingan. Agar sal chuqurroq qaraydigan boʻlsak, buni maxsus ixtisoslashtirilgan xizmatlar, deydi.
– Klasterlar bilan nima haqda shartnoma tuzasizlar?
– Bu judayam oddiy. Masalan, yaxshi bir klasterimiz bor. Misol keltirishim mumkin. Giloschi klaster bor, u Xitoyga gilos eksport qiladi. 10 million dollarlik gilos eksport qiladi. Juda katta hajmda. U bilan shartnoma tuzishdan avval uning avtomatik meteostansiyasi boʻlgan. Amerika bilan Yevropaga integratsiya qilingan boʻlgan. Lekin hududdagi vaziyatni faqat bitta meteostansiya bilan shakllantirib boʻlmaydi. Masalan, Qozogʻistondan kirib kelayotgan oqimni kamida 10 kun oldin ayta olaman. Demak, mavsumiy sharoitda, bahor va kuzda mevali daraxtlarni sovuq urib ketishining oldini olish boʻyicha shartnoma qildik. “Menga aslida 3 kun oldin yetarli, men harakatlarimni qilib, bogʻimni saqlab qolish chorasini koʻrishim kerak”, dedi. Biz ularga 5 kun oldin aytdik. Oʻtgan yilda va undan oldingi yillarda kun isib ketib, birdaniga harorat sovib ketdi. Shunda nobudgarchilik yuz beradi. Birinchi marta shartnoma qilganimizda oʻsha giloschi klasterni oʻz vaqtida ogohlantirdik va ularga issiq ketidan qachon sovuq kelishini aytib turdik. Har kuni 2 mahal qoʻngʻiroqlashib, maʼlumot berib turdik. Shu bois bahorda vaqtincha issiqqa ishonib, daraxtlarni “uygʻotmadilar”. Aks holda keyin kelgan sovuq daraxtlarni urib ketishi mumkin edi. Ular daraxtlarni saqlab qolish boʻyicha oʻz vaqtida chora koʻrishga muvaffaq boʻlishdi. Mavsum tugaganidan keyin, gilosni eksport qilib olishganidan keyin, 9 million daromad boʻldimi desam, 18 million daromad qildim, dedi.
Men “qanday qilib axir, 10 millionlik tovar ediku, 1 million xarajat qildingiz, 9 million qolmadimi, deb soʻrasam, “qolganlarnikini sovuq urib ketdiku. Shunga gilosni narxini oshirdim”, deb javob berdi.
Shu oʻrinda bir narsani aytish kerakki, tadbirkor birovga osonlikcha pul berishi qiyin. Hisob-kitobli odam boʻladi. Agar shu maʼlumotim uchun pul bergan boʻlsa, demak, unga kerakli maʼlumotni beryapman.
Xorijda bu amaliyot keng qoʻllaniladi. Chunki ularga xususiy tashkilotlar ham ob-havo prognozi bilan shugʻullanadi. Afsuski, bizda bunday raqobatchilarimiz yoʻq.
Uzoqqa bormaylik, Boʻstonliqda xususiy tadbirkor vertolyotda xizmat koʻrsatyapti. Ularga shamol tezligi, yoʻnalishi haqida maxsus va tezkor maʼlumotlar kerak. Omma uchun chiqariladigan prognozlarda bunday tafsilotlar koʻrsatilmaydi. Chunki keng aholiga buning keragi ham yoʻq. Biz ularga moslashtirilgan xizmatlar koʻrsatishga shartnoma qilamiz.
Yoki boʻlmasa ayrim klasterlar yoki subʼektlar yerning 20 santimetrga qanday haroratda boʻlishini bilish zarur. Yoki suvning yerga qanchalik shimilgani haqida maʼlumotlar berishimiz mumkin. Bu maʼlumot esa yogʻingarchilik miqdori hisoblab chiqariladi.
Keng aholiga 5-10 kun ichida harorat qanday boʻladi, yogʻingarchilik boʻladimi-yoʻqmi, shunisi muhim, xolos. Masalan siz ham “zontik” olib chiqish kerakmi-yoʻqmi, bilsangiz kifoya. Yoki ijtimoiy tarmoqlarda qiziqib soʻrashadi: mashina yuvsam boʻladimi-yoʻqmi, deyishadi. Chunki loygarchilik va yomgʻir boʻlsa, mehnat zoye ketadi-da!
Va ikkinchi, eng asosiy tamoyili – shartnoma qilganda bizning ham masʼuliyatimiz bor. Prognozlarimizga kafolat beramiz. Agar notoʻgʻri maʼlumot berib, zarar koʻrishiga sabab boʻlsam, meni ham sudga berishga haqqi bor. Shuning uchun shartnomaning masʼuliyati bor.
Bizda ham xususiy prognozchilar boʻlishi tarafdorimiz. Bu qonun bilan cheklanmagan. Buni cheklashmoqchi boʻlishganida bunga mutlaqo qarshi boʻlganman. Chunki davlat tashkiloti tezkorlik va sifatda hech qachon tadbirkorlik subʼektlariga raqobatchi boʻla olmaydi. Tadbirkor bozorga tez moslashadi. Bozorga kerakli mahsulotni olib chiqadi.
Men istardimki, bizdagi mutaxassislar ish oʻrganib, keyin shu sohada oʻz biznesini ochib, oʻzini prognozini bersin, marhamat! Faqat Gidrometning platformasiga integratsiya qilgan holda.
Abulfayz SAYIDASQAROV suhbatlashdi.