Toshkent hokimligiga 100 mlrd. ssuda berildi
“2023-2024 yillarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalar infrotuzilmasini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qarori imzolangan.

Toshkent shahar hokimligiga Shayxontohur tumanida “Turizm xalqasi”ni tashkil etish uchun respublika byudjetidan mahalliy budjetga 3 yil muddatga 100 mlrd. soʻm ssuda berilgan.
7 iyunda “2023-2024 yillarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalar infrotuzilmasini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qarori imzolangan.
Qarorga koʻra:
- 2023-2024 yillarda Shayxontohur tumanida 2 ming oʻrinli 8 ta zamonaviy mehmonxona tashkil etish;
- 2023 yil dekabrgacha “Chorsu” va “Eski juva” bozorlarini tartibga keltirish va sotuvchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratish;
- 2023 yil noyabrgacha Oq tepa kanali hamda Labzak va Oʻrda mahallalaridan oqib oʻtuvchi Anhor boʻyi koʻchasidagi kanal boʻyida sayilgoh tashkil etish;
- 2024 yil iyulgacha Shayxontohur tumani hududida mavjud boʻlgan tarixiy darvozalarni tiklash;
- 2023 yil oktabrgacha Abdulla Qodiriy koʻchasida barpo etilgan sayilgoh qismlarini bogʻlovchi piyodalar koʻprigini barpo etish;
- 2023 yil iyulgacha Abdulla Qodiriy koʻchasidagi sayilgohni xususiy boshqaruvga berish;
- 2023 yil noyabrgacha Gulbozor mahallasida Toshkentning qadimgi tarixiy koʻrinishini saqlab qolgan holda turizm koʻchasini tashkil etish;
- 2024 yilgacha Samarqand darvoza koʻchasidan oʻtgan Janggoh, Chuqurkoʻprik va Zaxariq kollektorlarini tuproq bilan toʻldirish, paydo boʻlgan boʻsh yer maydonlarini auksion orqali savdoga chiqargan holda koʻngilochar koʻchalar, restoranlar, savdo-xizmat koʻrsatish obʼektlarini tashkil etish belgilangan.




