Tergovda oʻlgan yigit ishi boʻyicha jinoiy ish ochildi
Unga koʻra, IIB rahbariyati davlat organi mansabdor shaxsining oʻz xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi lozim yoki mumkin boʻlgan harakatlarni qasddan bajarmaganlikda ayblanyapti.

Chilonzor tuman IIB binosida 21 yoshli fuqaro vafoti yuzasidan Chilonzor tuman prokurori 9 iyun kuni Jinoyat kodeksining 208-moddasi (hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.
Jinoyat kodeksida hokimiyat harakatsizligi quyidagicha taʼriflangan: davlat organi mansabdor shaxsining oʻz xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi lozim yoki mumkin boʻlgan harakatlarni qasddan bajarmasligi.
Bunday holatda fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, xuddi shuningdek bunday harakatsizlik jinoyatga yoʻl qoʻygan holda sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib oʻtamiz, 22 may kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani IIB binosida tergovga chaqirilgan 21 yoshli yigit hojatxona derazasidan sakrab, jarohat olgan va keyinchalik vafot etgandi.
Keyinroq uning vafoti yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshirish oʻtkazgan, xodimlarga xizmat tekshiruvi tayinlangan edi.