Toshkentda issiq boshlanishi bilan chiroq oʻchishi koʻp kuzatilyapti
Mutasaddilar ushbu holatni anomal issiqqa tayyorgarlik bilan izohlagan.

Poytaxt Toshkent shahrida issiq boshlangandan beri elektr taʼminotida koʻp uzilishlar boʻlyapti. Mutasaddilar ushbu holatni anomal issiqqa tayyorgarlik bilan izohlagan.
Bu chiroq oʻchirishlari "isteʼmolchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasini yetkazib berilishini taʼminlash, elektr tarmoqlarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariya holatlarining oldini olish hamda taʼmirlash ishlarini xavfsiz bajarish maqsadida" amalga oshirilayotgani aytilgan.
Jumladan, bugun, 8 iyun kuni ham quyidagi manzillarda elektr taʼminoti vaqtincha toʻxtatilgan:
- Chilonzor tumanining “Bogʻiston” va “Lutfiy” MFYlari ayrim hududlarida soat 09:00 dan 17:00 gacha;
- Bektemir tumanining “Iyk ota” MFYning Imon (Maʼrifat), Mevazor, Orasta hamda Taraqqiyot koʻchalari hududida soat 09:00 dan 17:00 gacha;
- Mirzo Ulugʻbek tumanining “Sh.Burxonov”, “Katta qorasuv”, “Boʻz”, “Alpomish”, “Podshobogʻ” va “Yalongʻoch” MFYlari hududlarida soat 09:00 dan 12:00 gacha elektr taʼminoti vaqtincha toʻxtatildi.
Koʻrib turganingizdek, ayrim hududlarda tok 8 soatlab boʻlmaydi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu holatga eʼtirozini bildirib, qishloqlarda ahvol bundan yaxshiroq ekanini yozishgan.




