Shavkat Mirziyoyev italyan biznesmenlari bilan uchrashdi
Tadbir yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod boʻlgan bir qator yangi investitsiya kelishuvlari va savdo bitimlari imzolandi.

Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Milan shahrida ushbu mamlakatning investorlari va yirik biznes vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Italiya tomonidan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, “Italiya - Oʻzbekiston” savdo palatasi prezidenti Jorjo Veronezi, shuningdek, Eni, Enel, Pietro Fiorentini, Saipem, Energy System, Imagro Group, HT Holding, Danieli, SACE, Ferroli Group, Arsenale Group, Pirelli kabi yetakchi kompaniya va korporatsiyalar, uyushma va moliyaviy institutlarning 25 nafardan ziyod rahbarlari ishtirok etdi.
– Mohiyatan, biz mamlakatlarimiz munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga koʻtarib, ularning tarixida yangi bosqichni boshladik. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga, biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga, qoʻshma loyihalarni moliyalashtirishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy etishga, tashabbuslarimizni qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldik. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yoʻnalishlarni belgilab oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbir yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod boʻlgan bir qator yangi investitsiya kelishuvlari va savdo bitimlari imzolandi. Ular energetika, gaz-kimyo va neft-gaz tarmogʻi, metallurgiya, kimyo, toʻqimachilik sanoati va qishloq xoʻjaligida katta kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Uchrashuv davomida Mirziyoyev jahon iqtisodiyotidagi jiddiy tebranishlar va global yetkazib berish zanjirlari buzilishi sharoitida ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan konstruktiv, ochiq muloqot muhimligini qayd etib, Oʻzbekiston Italiya biznesiga yurtimizda faoliyat yuritishi uchun keng qoʻllab-quvvatlash choralari va samarali maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.