Boshiga $10 mln. tikilgan terrorchi oʻldirildi
U Oʻzbekiston va Tojikistondagi raketa hujumlari, Eronda Shoh Chiroq ziyoratgohida portlash va Rossiya elchixonasiga hujumni uyushtirgan.

Shahob al-Muhojir taxallusi bilan tanilgan terrorchi Sanoulloh Gʻafforiy Afgʻonistonning Kunar viloyatida yoʻq qilindi. Uning boshi uchun 10 mln. dollar vaʼda qilingan edi.
Terrorchi nafaqat Pokistonda, balki xalqaro miqyosda ham qidiruvda boʻlgan, u Afgʻonistonga Hindistondan oilasi bilan koʻchib kelgan.
Shahob al-Muhojir Kobulning Gʻafforiy madrasasida diniy taʼlim olgan hamda Eron, Oʻzbekiston, Tojikiston, Pokiston va hatto Afgʻonistonda ham bir necha hujumlar uyushtirgan.
Sanoulloh Gʻafforiy 2020 yil aprelidan buyon IShIDning Xuroson viloyati guruhi faoli boʻlibgina qolmay, balki barcha operatsiyalarning tashkilotchisi va boshligʻi ham edi.
2021 yil dekabrda BMT, AQSh va Yevropa ittifoqi Gʻafforiyni xalqaro terrorchi deb eʼlon qilib, sanksiyalar roʻyxatiga kiritgan va uning boshiga 10 million dollar mukofot puli vaʼda qilgan.
Terrorchi Sanoulloh koʻplab mamlakatlarda hujumlarga rahbarlik qilgan boʻlib, Pokiston elchixonasi yaqinida ham xudkushlik hujumini amalga oshirgan.
Bundan tashqari, u Afgʻonistonning Nangarhor shahrida qamoqxonani buzish, Oʻzbekiston va Tojikistonda raketa hujumlari, Eronda Shoh Chiroq ziyoratgohida portlash va Rossiya elchixonasiga hujumni uyushtirgan.
Oʻldirilgan terrorchi Afgʻonistonning Kobul aeroporti va boshqa hujumlarda asosiy gumondor boʻlgan.
AQSh Davlat departamenti oʻz tvitterida terrorchi Sanoulloh IShID Xuroson guruhining barcha operatsiyalarini boshqargani va bu amaliyotlar uchun mablagʻ toʻplovchi eng muhim aʼzosi ekanini maʼlum qildi.