Kaxovka toʻgʻoni yorilishi: voqealar xronologiyasi
Soʻnggi kunlarda dunyo eʼtiborini oʻziga qaratgan Kaxovka toʻgʻoni qulashi atrofidagi voqealar xronologiyasi 6 iyun kuni shu haqdagi xabardan boshlandi.

Soʻnggi kunlarda dunyo eʼtiborini oʻziga qaratgan Kaxovka toʻgʻoni qulashi atrofidagi voqealar xronologiyasi 6 iyun kuni shu haqdagi xabardan boshlandi.
Hozirda Rossiya nazorati ostida boʻlgan Ukraina janubidagi hududda ulkan toʻgʻon vayron boʻlishi natijasida suv toshqini yuzaga keldi. Qrim koʻprigi portlashidagi kabi bu gal ham har ikkala tomon – Kiyev va Moskva toʻgʻon buzilishida bir-birini ayblamoqda. Minglab odamlar Dnepr daryosining ikki tomonidagi past tekisliklardan evakuatsiya qilindi.
BMTning insonparvarlik yordami boʻyicha rahbari Martin Griffits buning ogʻir va keng koʻlamli oqibatlaridan ogohlantirdi – bu hozirgacha maʼlum umumiy maʼlumot.
Butun dunyo diqqati qaratilgan toʻgʻon qayerda?
Kaxovka GES Xerson viloyatining Nova Kaxovka shahrida joylashgan va yuqorida aytib oʻtganimizdek, shahar hozirda ruslar tomonidan bosib olingan.
Ushbu toʻgʻon sovet davrida qurilgan boʻlib, mamlakatning shimolidan Qora dengizgacha choʻzilgan Dnepr daryosi boʻyida joylashgan oltita toʻgʻondan biridir. Xerson viloyatida Rossiya chap, Ukraina esa oʻng qirgʻoqni nazorat qiladi.
Toʻgʻon katta suv omborini ushlab turadi, mahalliy aholi uni Kaxovka dengizi deb ataydi, chunki baʼzi joylarda boshqa qirgʻoq koʻrinmaydi.
Unga nima boʻldi?
Internetda paydo boʻlgan videotasvirlarda toʻgʻonning yorilishi oqibatida katta miqdordagi suv oqayotgani aks etgan.
Kaxovka suv omboridan katta toʻlqindagi suv oqib chiqishi natijasida qishloq xoʻjaligi yerlari va oʻnlab qishlogʻu shaharlar tez fursatlarda suv ostida qolgan. Daryoning ikki qirgʻogʻidagi minglab odamlar evakuatsiya qilingan, biroq ofatning toʻliq koʻlami hali aniq emas.
“Ukrainagidroenergo” kompaniyasi operatorining aytishicha, “Nova Kaxovka” stansiyasi toʻliq vayron boʻlgan va uni qayta tiklab boʻlmaydi.
Bunga hujum sabab boʻldimi?
Sabablar hozircha aniq emas, biroq Ukraina gidroenergetika va suv xoʻjaligi muhandisi Nikolay Kalininning aytishicha, bunday katta talafotga faqatgina portlash sabab boʻlishi mumkin. U Ukraina yangiliklar saytiga bergan intervyusida toʻgʻon oʻta kuchli tashqi zarbaga bardosh beradigan qilib qurilgani uchun ichkaridan buzilgan yoki portlatilgan degan xulosadaligini aytdi.
Ukraina nima demoqda?
Ukraina harbiylari Rossiyani toʻgʻonni ataylab portlatganlikda ayblamoqda. Chunki ular Moskva Ukraina toʻgʻon ustidagi yoʻl orqali qoʻshinlarni Rossiya nazoratidagi hududga olib kirishining oldini olish maqsadida shunday qilgan degan fikrda.
Kreml qanday fikrda?
Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov toʻgʻon yorilishida Ukrainani ayblab, buni 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolini suvdan mahrum qilish maqsadida bajarilgan “sabotaj” deb atadi.
Dunyo nima demoqda?
Toʻgʻonning buzilishiga sabab boʻlgan yoki hissa qoʻshgan turli muqobil versiyalar ilgari surilmoqda. “Hududdagi janglar tuzilmaga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin” - dedi London universiteti professori Mark Mulligan VVCga. Unga koʻra, toʻgʻonni nazorat qiluvchi Rossiya ataylab suv omborida suv sathining koʻtarilishiga yoʻl qoʻygan degan fikr ham mavjud.
AQSh tomonidan oʻtkazilgan sunʼiy yoʻldosh tasvirlari tahliliga koʻra, soʻnggi bir necha oy ichida suv sathi keskin koʻtarilgan. "Chunki suvning maksimal darajaga yetishi oldingi shikastlanishlar tufayli favqulodda vaziyatga sabab boʻla olishi mumkin”, degan professor Mulligan.
Biroq toʻgʻonning vayron boʻlishini faqat sunʼiy yoʻldosh tasvirlari orqali baholash qiyin, chunki zararning katta qismi suv ostida qolgan.
Toʻgʻonning vazifasi nima edi?
U daryoning yuqori qismidagi aholi punktlarini va Rossiya nazorati ostidagi 160 km. uzoqlikda joylashgan Zaporijjya AESni (sovitish uchun) taʼminlaydigan ulkan suv omborini tutib turar edi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi Zaporijjya AESda yadroviy xavf yoʻqligini va vaziyat nazoratda ekanini aytib chiqdi. Taʼkidlanishicha, atom stansiyasini salqin saqlash uchun muqobil suv manbalari mavjud.
Endi nima boʻladi?
Toʻgʻon Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimga suv olib borishda muhim rol oʻynagan, shuning uchun undagi suv taʼminotiga taʼsir qilishi mumkin.
2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan soʻng Ukraina Nova Kaxovkadan suv olib oʻtuvchi kanalni toʻsib qoʻygani yarimorolda suv inqirozini keltirib chiqargan edi. Ammo Rossiya oʻtgan yilgi bosqindan keyin kanalni qayta ochgan.
Bundan tashqari, asosiy ekologik muammo yuzaga keldi. Prezident Vladimir Zelenskiyga koʻra, daryo 150 tonna sanoat moylash materiallari bilan ifloslangan va yana 300 tonnasi sizib chiqishi xavfi mavjud. Qishloq xoʻjaligi yerlari yuvilib ketgan va suv toshqini oqibatlari yillar davomida sezilishi mumkin.
Iqbol Ergashova




