Jizzax hokimi xitoyliklar uchun byudjetdan pul ajratdi va buni yashirib qoʻydi
Jizzax viloyati hokimi Xitoyning Delong Stil Co.LTD kompaniyasi raisi boshchiligidagi delegatsiyani kutib olishga byudjetdan pul sarflagan.

Jizzax viloyati hokimi farmoyishi bilan Xitoyning Delong Stil Co.LTD kompaniyasi raisi boshchiligidagi delegatsiyani kutib olish uchun davlat byudjetidan 150 mln. soʻm ajratilgan, ammo bu hujjat E-qaror saytida yashirib qoʻyilgan.
7-8 iyun kunlari boʻlib oʻtadigan bu tashrifda mehmonlarni ovqatlantirish uchun 81 mln. soʻm, sovgʻalarga esa 69 mln. soʻm ajratilgan.
Jizzaxda bu birinchisi emas. Avvalroq Rossiyaning Omsk viloyati gubernatorini munosib kutib olish uchun davlat byudjetidan qariyb 137 mln. soʻm sarflangandi.
14-15 dekabrda Jizzaxga kelgan gubernator A.Burkovga qimmatbaho sovgʻa sifatida 47 mln. soʻmlik tarixiy koʻza xarid qilingan, qolgan pullar boshqa xarajatlarga sarflangan.
Hokimning bu haqdagi farmoyishi ham Ye-qaror platformasida yashirib qoʻyilgan. Yashirish sababi sifatida shaxsga doir doir maʼlumotlar roʻkach qilingan.