26 tup daraxtning yoppasiga kesilishiga kim aybdor?
Platina.uz muxbiri voqea joyida boʻlib maktab maʼmuriyatidan izoh olishga harakat qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 171-maktabning daraxtlari kesilishi haqida xabarlar tarqaldi. Platina.uz voqea joyida boʻlib, holatni oʻrgandi.
Aniqlanishicha, voqea 11 kun avval, yaʼni joriy yil 28 may yakshanba kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab (MUIM) hududida sodir boʻlgan.
Maktabda oʻrnatilgan videokamera tasvirlariga koʻra, daraxtlar maktab hududiga tutash garaj xoʻjaligi vakili tomonidan kesilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi mutasaddilari ushbu holat Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligi hamda Ekologiya boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan oʻrganilayotganini maʼlum qilishdi.
Platina.uz muxbiri voqea joyida boʻlib maktab maʼmuriyatidan izoh olishga harakat qildi.
Nodira Mirxadjayeva, MUIM direktori:
— Yonimizdagi garaj egasi fuqaro Anatoliy Strashkov maktabimiz qorovuliga mendan ruxsat olganini, daraxt shoxlarini butalash maqsadida kelganini aytib, maktab hududiga kirgan va daraxtlarni kesib tashlagan. Bundan mening ham, maktabdagi boshqa xodimlarning ham xabari yoʻq edi. Men daraxt sotib, pul ishlaydigan oʻqituvchi emasman, daraxtni kestirish va uni sotish menga hech qanday manfaat bermaydi.
Qolaversa, bu fuqaro bilan boʻlgan oʻzaro nizo bundan oldin, xususan, 2016, 2019-yillarda ham sodir boʻlgan. Ammo u paytda "daraxtlarni butaladim, sizlarga ham daraxtlarni tartibli qilishda yordam beryapman", deb vaziyatdan chiqib ketardi. Biroq bu safargisi hammasidan oshib tushdi va ayanchli boʻldi.
Oʻylaymanki, unga tegishli tashkilotlar tomonidan qonuniy chora koʻriladi.
Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligining maʼlum qilishicha, hozirda mutaxassislar tomonidan yetkazilgan zarar oʻrganilmoqda.
Surishtiruvimiz davomida maʼlum boʻldiki, maktab hududida 26 tup gledichiya navli manzarali daraxtlar kesilgan. Ammo ular orasida birgina (suratda) manzarali daraxt omon qolgan.
Maʼlumot uchun: Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 31 dekabr kuni “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi imzolagan farmon talablariga koʻra, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan. Shuningdek, huquqbuzarlarga moratoriy talablarini buzganlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdori besh baravarga, daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qoʻllanilishi belgilangan.