Jazoni oʻtab boʻlgan oʻsmir sudlanmagan hisoblanadi — loyiha
Sudlanganlikni oldirib tashlash odamlarni juda sarson qiladigan va byurokratiyaga botgan xizmatlardan biri edi. Uni oldirib tashlash uchun odam sud boʻlgan joyga borishi, ariza yozishi, keyin uni oylab kutishi kerak edi.

Endi jazoni oʻtab boʻlgan voyaga yetmagan shaxs sudlanmagan hisoblanadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan, sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs esa sudlanmagan deb hisoblanadi.
Sudlanganlik muddatining oʻtib ketgani yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor boʻladi, shuningdek, sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoning oʻtab boʻlinishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan boʻlsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida oʻz jazosini toʻliq oʻtab boʻlgandan soʻng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga taʼsir qilmasligi va oʻz hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini taminlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda. Shunga koʻra, Jinoyat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Eslatib oʻtamiz, prezident qarori bilan 2023 yil 1 sentabrdan sudlanganlik muddati oʻtib ketgani yoki sudlanganlik olib tashlangani haqidagi maʼlumotnoma oʻsha muddat tugagan yoki olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.