platina.uz
Jamiyat

Choʻkib oʻlayotganlar boshqa hududlarda ham bor, aksariyati bolalar — FVV

Oʻz ehtiyotsizligi oqibatida choʻkkanlar 15 nafarni, bu yil choʻkib ketganlarning qariyb 50 foizini bolalar tashkil etadi.

Choʻkib oʻlayotganlar boshqa hududlarda ham bor, aksariyati bolalar — FVV

Yoz mavsumi boshlandi deguncha, choʻkish holatlari ham dolzarb mavzuga aylanadi. “Samarqandda uch bola choʻkib halok boʻldi”, ”Yangiyoʻlda 16 yoshli oʻsmir choʻkib ketdi” kabi voqealar tez-tez uchrayotgani bunga misol. Mutaxassislarning aytishicha, choʻkish holatlari 25 maydan keyin koʻpaygan.

Bugun esa Toshkent tumanida 6 yoshli bola choʻkib ketgani xabar qilindi. Maʼlumotlarga koʻra, 4 kundan beri topilmayapti. Bosh prokuratura mazkur holat boʻyicha qidiruv davom etayotganini bildirdi.

Biz ushbu holatlar boʻyicha FVV matbuot xizmati boshligʻi oʻrinbosari Samandar Hikmatullayev bilan suhbatlashdik.

— Bugungi kunda suvda choʻkish holatlari respublikamiz boʻyicha oladigan boʻlsak, 57 tani tashkil qiladi. Barchasi mukammal oʻrganilgan. Shularning 12 tasi aynan yoz mavsumida joylarga chiqib choʻmilmoqchi boʻlganlar bilan bogʻliq. Oʻz ehtiyotsizligi oqibatida choʻkkanlar esa 15 nafarni, joriy yilda choʻkib ketganlarning qariyb 50 foizini bolalar tashkil etadi. Suvda choʻkish holatlari ayniqsa 25 maydan keyin koʻpaydi. Bunga sabab taʼtilda bolalarning nazoratsiz qoldirilishidir.

Kuni kecha Yangiyoʻldagi 16 yoshli choʻkkan yigit voqeasiga toʻxtalsak, u choʻmilish niyatida emas, balki oyogʻini yuvish maqsadida koʻprikka osilishi va qoʻli sirpanishi oqibatida baxtsiz hodisa roʻy bergan.

Samarqad viloyatidagi holatga kelsak, Zarafshon daryosiga soʻnggi qoʻngʻiroqdan keyin borib choʻmilishadi. Ehtiyotsizligi natijasida ular ham halok boʻladi.

Bunday hol Qoraqalpogʻistonda ham roʻyxatga olindi. U yerda 3 nafar voyaga yetmagan yoshlar choʻmilishga borib, 2 nafari suvda choʻkib halok boʻlgan.

Foto: "Platina.uz" / Abbos Imomov

Maʼlumotlardan koʻrinadiki, hali yoz endi boshlandi, ammo allaqachon choʻkish holatlari koʻpaygan.

Bunday holatlarning asosiy sabablaridan biri sifatida yana fuqarolarning taqiqlangan joylarda choʻmilishga urinishini ham alohida eslatib oʻtish kerak. Masalan, mahalla, qishloq hududlaridan oqib oʻtuvchi soy, anhorlardagi kuchli suv oqimi hech kimga boʻysunmaydi.

Respublikamizda choʻmilishga ruxsat berilgan joylar bilan bir qatorda taqiqlab qoʻyilgan suv havzalari ham mavjud. Taqiqlangan joylarga daryolar, kanallar, turli anhorlar va shunga oʻxshash joylar kiradi.

Respublikamizda 50 dan ortiq suv omborlarida maxsus plyaj zonalari ajratilgan, qolaversa, istirohat bogʻlari hamda akvaparklar ham mavjud boʻlib, bunday joylarda choʻmilishga ruxsat berilgan. Bunday joylarda qutqaruvchilar ham bor.

Mutaxassislarning tavsiyasiga koʻra, choʻkish bilan bogʻliq hodisalarning yuz bermasligi uchun avvalambor choʻmilish qoidalariga qatʼiy rioya qilish lozim.

Buning uchun birinchi navbatda ob-havo quyoshli va shamol yoʻq paytda, havo harorati 30-38° kam boʻlmagan sharoitda choʻmilish tavsiya etiladi.

  • Qorin och boʻlganda;
  • Charchaganda;
  • Chanqaganda;
  • yaqinda bemorlikdan turganda;
  • spirtli ichimlik isteʼmol qilinganda;
  • yolgʻiz boʻlganda;
  • oftob urish hollarida choʻmilish maqsadga muvofiq emas.

Shuningdek, taqiqlangan joylarda choʻmilish, kater va qayiqlarga yaqin suzib borish, yosh bolalarni suvda qarovsiz qoldirish, chegaralangan belgilardan tashqariga chiqish, koʻprik, damba va kemalardan suvga sakrash, notanish joylarga shoʻngʻish taqiqlanadi.

Qayiqlarda sayr qilayotganda bir qator jihatlarga eʼtibor qaratish kerak. Egasiz va texnik nosoz qayiqlardan foydalanish, sayrga shamol va yomgʻirli ob-havoda yoki qutqaruv va suv chiqarish moslamalarisiz chiqish, qayiqqa ruxsat etilgandan ortiqcha odam va yuk olish, suzish vaqtida bir qayiqdan ikkinchi qayiqqa oʻtish, qorongʻi tushganda suzish moslamalaridan foydalanish nohush holatlarga sabab boʻlishi mumkinligini unutmaslik zarur.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, suvda choʻkayotgan odamni qutqarish uchun qutqaruv anjomlari va qayiqlardan foydalaniladi. Ular boʻlmaganda esa choʻkayotgan odamni qutqarishda xavfsizlik choralarini bilish talab etiladi.

Agar choʻkayotgan odam hushini yoʻqotgan boʻlsa, uni suvdan olib chiqish ancha qulay boʻladi. Lekin hushini yoʻqotmagan odamni qutqarish qutqaruvchiga katta xavf tugʻdiradi. Chunki choʻkayotgan odam sarosima va vahimaga tushgan holda qutqaruvchiga qattiq yopishishi, uni ham suv ostiga tortib ketishi mumkin. Shuning uchun choʻkayotgan odamning changalidan chiqish va buksirovka qilish usullarini oʻrganish lozim.

Choʻkayotgan odam qutqarib qolinganidan keyin ham vafot etishi mumkinmi?

— Oʻlim holati faqatgina suvda emas, balki jabrlanuvchi suvdan olib chiqilgandan soʻng ham kuzatilishi mumkin. Jonlantirish tadbirlarining ijobiy natijasi ularning toʻgʻri va oʻz vaqtida koʻrsatilishiga bogʻliq. Shuning uchun ushbu tadbirlarni qirgʻoqqa olib chiqilgandan keyin emas, jabrlanuvchini suvda buksirovka qilgan paytdanoq boshlash lozim. Chunki oʻsha paytda amalga oshirilgan bir necha sunʼiy nafas oldirish ham jabrlanuvchi sogʻligʻi tiklanishini tezlashtiradi.

Bevosita yurakni uqalash 4-5 marta sunʼiy nafas berilgandan keyin amalga oshiriladi. Uqalash qatʼiy rejimda bir daqiqada 50-60 marta bosish bilan bajariladi. Nafas oldirish bilan yurak massaji bir vaqtda amalga oshirilmaydi. Nafas chiqarish paytidagina koʻkrak qafasi 4-6 marta bosiladi.

Yana shuni yodda tutish kerakki, jabrlanuvchining nafas olishi toʻxtagandan keyin 5-6 daqiqa muddatdagina uni hayotga qaytarish mumkin!

Eslatib oʻtamiz: oʻtgan yili 115 nafar fuqaro suvda choʻkib halok boʻldi. Uning ham qariyb 50 %ini yosh bolalar tashkil qilgan.

Maʼlum qilinishicha, insonning suvda choʻkishi juda qisqa muddatda sodir boʻladigan jarayon. Hatto uni yonida birga choʻmilayotganlar ham sezmasligi mumkin. Ana shunday joylarda maxsus qutqaruvchilar mavjudligi xavfsizlik uchun ayniqsa ahamiyatli. Shunday ekan, mavsum endi boshlandi, hayotingizni xavfga qoʻyib tavakkal qilmang!

Abbosjon Imomov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid