Quyosh paneli oʻrnatganlar soliqdan ozod etilishi kutilyapti
6 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish haqidagi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Quyosh panellari oʻrnatganlar mol-mulk va yer soligʻidan ozod etilishi belgilangan qonun loyihasi qabul qilindi.
6 iyun kuni “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Unda yuridik shaxslar umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarib umumiy tarmogʻiga sotganda foyda soligʻi hamda ular boʻyicha mol-mulk va yer soligʻini toʻlashdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, uy-joyda umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soligʻini toʻlashdan ozod yetilishi belgilanmoqda.
Deputatlarning takidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik subʼektlarini qoʻllab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, investorlar uchun qulay sharoitlar va ragʻbatlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini beradi.
