Qashqadaryoda 12 yoshli qizni zoʻrlagan erkakka hukm oʻqildi
Bugun Chiroqchi tumanida sud boʻlib oʻtdi.

Qashqadaryoda 12 yoshli qizining nomusiga tekkani aytilgan erkakka hukm oʻqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
6 iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Chiroqchi tuman sudida sudlanuvchi K. T. (1971 yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, Chiroqchi tumanidagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari boʻlib ishlagan, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Chiroqchi tuman sudining raisi A. Tashev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.
Sud hukmiga koʻra K. T. Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi «a» bandi va eski tahrirdagi (2023 yil 11 aprelga qadar amalda boʻlgan) 129-moddasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hayʼatiga shikoyat berishi yoki protest keltirishi mumkinligi maʼlum qilinadi, deyiladi xabarda.




