5 yillik harakat: JSTga qoʻshilish hamon choʻzilyapti
JSTga qoʻshilish uchun oʻsha davlatda erkin savdo muhiti yoʻlga qoʻyilishi, monopoliya umuman bekor qilinishi kerak.

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish masalasi 2018 yildan rostmana boshlangan va bu jarayon hamon davom etyapti. Ammo JSTga qoʻshilish shartlari Oʻzbekiston uchun hozircha imkonsizdek tuyulyapti.
JSTga qoʻshilish uchun oʻsha davlatda erkin savdo muhiti yoʻlga qoʻyilishi, monopoliya umuman bekor qilinishi kerak. Qoidasi shunday. Oʻzbekiston esa 5 yildan beri shu oddiy talablarni bajarolmayapti.
Balki shuning uchundir, Prezident administratsiyasida prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari boʻyicha maxsus vakili lavozimi tashkil qilingan.
Maxsus vakil JSTga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirish, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini taʼminlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi.
Aytilishicha, 2023 yil 1 iyuldan JST qoida va meʼyorlariga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
Shuningdek, Adliya vazirligiga maʼmuriy islohotlar doirasida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uygʻunlashtirish funksiyasi yuklangan edi. Bunga ham yarim yil boʻlib qoldi, ammo hozircha hech gap yoʻq.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatida Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash va savdo muzokaralari departamenti tashkil etilgan.
Bundan tashqari Oʻzbekistonning Jeneva shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasida JST masalalari boʻyicha birinchi kotib lavozimi ham kiritilgan.