platina.uz
Jamiyat

Boʻkada ham tergovga chaqirilgan fuqaro vafot etdi

Oldinroq Toshkentda ham tergovga jalb qilingan yigit vafot etgandi.

Boʻkada ham tergovga chaqirilgan fuqaro vafot etdi

Toshkent viloyati Boʻka tumanida ham tergovga chaqirilgan fuqaro vafot etdi.

Viloyat IIB maʼlum qilishicha, 4 iyun kuni Toshkent viloyati Boʻka tumani hududida bir qator oʻgʻirlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tugʻilgan U.S. himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida Boʻka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga toʻliq yozib olingan holda soʻroq qilingan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19.00da JPKning 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Boʻka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.

Shu kuni soat 23.30larda gumonlanuvchi U.S.ning sogʻligʻi yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Ya.Abdulxakov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat oʻrganildi, voqea joyi koʻzdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning koʻrsatmalari olindi.

Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22.00larda gumonlanuvchi U.S. Boʻka tumani Jinoyat qidiruv boʻlimining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus soʻrov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi boʻyicha surishtiruv oʻtkazilgan. Jarayonda fuqaroning sogʻligʻi yomonlashib, keyinchalik oʻlimi yuz bergan.

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga koʻra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, voqeaga aloqador boʻlgan 2 nafar tezkor xodimlar J.D. va Gʻ.Sh.lar hibsga olingan.

Xolis tergov va tekshiruvni taʼminlash maqsadida, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan Boʻka tumani IIB boshligʻi A.Babaxanov, uning birinchi oʻrinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv boʻlimi rahbari J.Subanov, tergov boʻlimi boshligʻi J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi masʼuli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador boʻlgan tezkor xodimlar J.D. va Gʻ.Sh.lar ichki ishlar organlari tizimidan boʻshatildi.

Shuningdek, Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB masʼul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga toʻliq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.

Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar oʻz jinoiy qilmishlarini rad etayotgan boʻlsalarda, marhum U.S. tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qoʻshimcha gistologik (ichki organlar va toʻqimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash boʻyicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza maʼlum muddat talab qiladi va uning xulosasi va toʻplangan dalillar boʻyicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi koʻrib chiqiladi.

Eslatib oʻtamiz, Toshkentda tergovga chaqirilgan 21 yoshli yigit hojatxona derazasidan sakrab, jarohat olgan va keyinchalik vafot etgandi. Holat boʻyicha ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi boshlangandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid