Andijonda soxta IIB xodimi qoʻlga olindi
U tovlamachilik yoʻli bilan pul undiroqchi boʻlgan.
Andijonda oʻzini ichki ishlar xodimi deb tanishtirib, fuqarodan pul talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, 19 may kuni ayol va erkak ijaraga olingan uyda uchrashishga kelishib olgan. Xonadonga erkak kishi yetib kelgan vaqtida oʻzini IIB xodimi sifatida tanishtirgan shaxs xonadonga bostirib kirgan hamda butun voqeani oʻz telefoniga yozib olgan.
U jinoiy ish qoʻzgʻatish bilan tahdid qila boshlab, jabrlanuvchining yuziga urib, “Samsung Galaxy S20” rusumli telefonini tortib olgan.
Ertasi kuni "soxta" IIB xodimi jabrlanuvchi bilan uchrashib, undan 500 dollar talab qilgan, aks holda u videoni ijtimoiy tarmoqqa tarqatish bilan tahdid qilgan.
22 may kuni oʻtkazilgan tezkor tadbirda u jabrlanuvchi erkakdan 3 million 200 ming soʻm pulning bir qismini olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Shuningdek, u leytenant unvoniga ega ichki ishlar xodimining soxta guvohnomasidan foydalangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. U 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.