AQSh Kongressi tarixiy defoltning oldini oldi
AQShda tarixiy defoltning oldi olindi. Mamlakat Kongressi qarz limitini koʻtarishga rozi boʻldi.

AQSh 1 iyun kuni sodir boʻlishi kutilayotgan defoltdan qutulib qoldi. Respublikachilar partiyasi demokratlarning federal qarz limitini koʻtarish haqidagi talabiga rozi boʻldi. AQSh Senati prezident Jo Bayden tomonidan qoʻllab-quvvatlangan loyihani koʻrib chiqib, hukumatning 31,4 trillion dollarlik qarz limitini olib tashlaydigan ikki partiyaviy qonunni qabul qildi. Aks holda AQSh tarixida birinchi marta defolt yuz berishi mumkin edi.
Avvalroq xabar berganimizdek, AQSh Kongressining byudjet boshqarmasi 1 iyundayoq defolt yuzaga kelishi mumkinligi va mamlakat oʻz tashqi federal qarzlari yuzasidan toʻlovlarni amalga oshira olmay qolishidan xavotirga tushgan edi.
Dunyo iqtisodiyoti AQSh iqtisodiyotiga bevosita qaramligi bois, bunday noaniqlik global moliyaviy xavotirlarga ham sabab boʻlayotgandi. Nihoyat muammo hal etildi.
Vashington AQSh hukumati qarz limitini 31,4 trillion dollarga koʻtarish yuzasidan respublikachilar bilan uzoq munozaralar oʻtkazdi. Prezident Jo Bayden va uning Kongressdagi demokrat safdoshlari qonun bilan belgilangan davlat qarzlari limitini darhol, hech bir shartlarsiz 31,4 trillion dollarga koʻtarishni talab qilishdi.
Vakillar palatasida kamroq taʼsirga ega respublikachilar esa yangi cheklovni keyingi xarajatlar uchun oʻrnatishga rozi boʻlishdi. Yaʼni avvalgi xarajatlarga qoʻshimcha toʻlovlar ajratishga rozilik berishmadi. Hatto AQSh moliya vaziri Janet Yellen “defolt 1 iyunda yuzaga keladi”, deb ogohlantirdi. AQSh hukumati oʻz qarzlarini toʻlay olmay qolishi mumkinligi bashorat qilindi.
Nihoyat hukumat va respublikachilar oʻrtasida kelishuvga erishildi.
Payshanba kuni AQSh Senati prezident Jo Bayden tomonidan qoʻllab-quvvatlangan loyihani koʻrib chiqib, hukumatning 31,4 trillion dollarlik qarz limitini olib tashlaydigan ikki partiyaviy qonunni qabul qildi. Qonun qabul qilinmasa AQSh tarixida birinchi marta defolt yuz berishi mumkin edi.
Prezident Jo Bayden Kongressning oʻz vaqtida qilgan harakatlarini olqishladi. "Ushbu ikki partiyaviy kelishuv bizning iqtisodiyotimiz va Amerika xalqi uchun katta yutuq", dedi demokrat prezident oʻz bayonotida.
Yangi qonunlar qoʻshimcha federal qarz olishga taqiqni 2025 yilning 1 yanvarigacha toʻxtatib turadi. Aksariyat rivojlangan mamlakatlardan farqli oʻlaroq, AQSh qonun chiqaruvchi organi har qanday xarajatlardan qatʼi nazar, hukumat qarz olishi mumkin boʻlgan qarz miqdorini cheklay oladi.
"Amerika endi yengil nafas olishi mumkin", degan Senatdagi koʻpchilik deputatlar rahbari Chak Shumer Senatdagi chiqishida.
Amerika Qoʻshma Shtatlari oxirgi marta 2011 yilda defoltga yaqinlashgan edi. Bu qarama-qarshilik moliyaviy bozorlarga zarba berib, hukumat kredit reytingini birinchi marta pasaytirishiga olib kelgan va mamlakatning qarz olish xarajatlarini oshirgan edi.
Bu safar kamroq shov-shuv koʻtarildi. Chunki oʻtgan hafta prezident Bayden va Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti Kongressdan oʻtish uchun yetarli ikki partiyaviy yordamga ega boʻlgan kelishuvga erishishlari aniq boʻlib qolgan edi.
Eslatib oʻtamiz, AQSh oʻz tarixi davomida biror marta ham qarz toʻlay olmay qolish holati - defoltga uchramagan. 2022 yil 5 oktabrda AQSh tashqi qarzi tarixiy choʻqqisiga - 31 trillion dollarga chiqqan.