Nega koʻp sayyohlar Antaliyani tanlaydi?
Koʻngilochar sayohat manzili haqidagi batafsil maʼlumotlardan bu savolga javob topish mumkin.

Toros togʻlarining yarim oy shakli bilan oʻralgan, Oʻrta Yer dengizi va moviy osmon ranglarining mukammal qorishuvi, shuningdek, ayni paytda koʻngilochar sayohat manzili deganda xayolga birinchilardan boʻlib keladigan ushbu marshrut – yaʼni Antaliya tarix, madaniyat, tabiat, dengiz hamda quyoshni oʻzida mujassam etgan ertaknamo shahardir.
Antaliya dunyodagi eng koʻp tashrif buyuriladigan shaharlardan biri va buning oʻnlab sabablari mavjud.
Oʻrtayer dengizi sohilida gʻarbdan sharqqa qarab choʻzilgan 640 kilometrlik qirgʻoq chizigʻi, shaharni qirgʻoqqa parallel ravishda oʻrab turgan Toros togʻlari bilan dengiz, qum va quyoshni sevuvchilar hamda tabiatda “adashib” qolishni istaganlar Antaliyada oʻzlariga oʻnlab maqbul variantlarni topishlari mumkin.
Shaharning eng gʻarbiy qismidagi Teke yarim orolida Qadimgi Likiya madaniyatining muhim markazlaridan biri boʻlgan Antik Patara shahri joylashgan.
Sharqqa qarab harakatlanar ekansiz, Demre qoʻltigʻida soʻlim tabiatni, har bir burchakda esa qadimgi sivilizatsiya izlarini uchratishingiz mumkin.
Kas – dunyodagi kam sonli suv ostiga shoʻngʻish markazlaridan biri sanaladi. Kemerda koʻplab hashamatli kurort mehmonxonalari va haybatli Taxtali togʻi joylashgan.
Antaliya shahrining markazini tashkil etgan Kaleichi Sharqiy Oʻrtayer dengizining eng muhim oʻrta asr portlaridan biri boʻlgan qadimiy Attaelia shahrini, Saljuqiylar izlarini va tabiat moʻʼjizalarini birlashtiradi.
Pamfiliya sivilizatsiyasining muhim port shahri boʻlgan Sankt-Polning asosiy toʻxtash joylaridan biri boʻlgan Perge antik shahri ajoyib tuzilmalari bilan taʼsirchan tarixiy markazga aylantirilgan.
Belek maxsus loyihalashtirilgan maydonlari bilan dunyoning noyob golf markazlaridan biri sanaladi. Belek mintaqasida jahon standartlariga javob bera oladigan xizmatlar, tabiat va turli qulayliklarga ega yuqori darajadagi kurort mehmonxonalari ham mavjud. Bu yerdan bir oz shimolga yursangiz, dunyodagi eng yaxshi saqlanib qolgan qadimiy teatrlardan biri Aspendos antik teatriga borishingiz mumkin.
Daryoga oʻrmonlar orasidan sizib kelib, koʻpiklardek koʻpirgancha qoʻshilib ketadigan Manavgat sharsharasi va uning yonidagi dengiz sohilida joylashgan Apollon ibodatxonasi va Side qadimiy shahri oʻrganish uchun bir kun ham yetmaydigan madaniy boyliklarga ega. Qaragʻay oʻrmonlari va sharsharalari bilan maftun qiluvchi Alaniya Oʻrtayer dengizigacha choʻzilgan tarixiy qalʼasi bilan shaharning sharqida joylashgan.
Togʻlari
Taxtali togʻi

Taxtali togʻi Antaliya shahar markazining gʻarbiy qismida, Kemer tumanidagi Beydagʻlari milliy bogʻi ichida joylashgan. Togʻ Kemer qirgʻoq chizigʻiga juda yaqin boʻlsa-da, togʻning choʻqqisi 2365 metr balandlikda joylashgan.
Toros togʻlari

Toros togʻlari yoki oddiygina Toroslar, koʻplab Yevropa mamlakatlarini bosib oʻtgan Alp togʻlarining Onadoʻlidagi qisman davomidir. Toros togʻlari Turkiyada Oʻrta Yer dengizi sohiliga parallel ravishda Antaliyaning gʻarbidan, yaʼni Teke yarim orolidan boshlanib, butun Antaliyani dengizga parallel ravishda aylanib oʻtadi va Suriya chegaralariga kirib davom etadi.
Koʻprikli kanyon milliy bogʻi

Koʻprikli kanyon milliy bogʻi Antaliya shahar markazidan 85 km shimoli-sharqda, Manavgat tumanidan 63 km shimoli-gʻarbda, Koʻpruchay daryosi yoqasida joylashgan. Ushbu tabiiy hudud 1973 yilda Milliy bogʻ sifatida ajratilgan va eʼlon qilingan. Milliy bogʻning manba qiymatini tashkil etuvchi Koʻpruchay taʼsirida vujudga kelgan vodiy, Turkiyaning eng uzun kanyonlaridan biri boʻlib, uzunligi 14 km, devor balandligi esa, 100 metrdan ortiqdir.
Koʻprikli kanyon milliy bogʻi oʻzining tabiiy, tarixiy va madaniy boyliklari tufayli tashrif buyuruvchilarga koʻplab koʻngilochar tadbirlarni taklif etadi. Koʻpruchay va uning atrofida kanoe (eshkakli qayiq)da sayr qilish va kanyonda boʻylab sayohat qilish, shuningdek, rafting; suzish, piyoda sayr qilish, qoyaga koʻtarilish, moʻljalga otish, velosport, baliq ovlash, yovvoyi tabiatni kuzatish, lager, fotografiya, piknik, jip safari va plato ekskursiyalari kabi oʻnlab turli xildagi tadbirlarni amalga oshirishingiz mumkin. Shuningdek, siz Selge antik shahrini va bir qismi Milliy bogʻda joylashgan Avliyo Pavel yoʻlini marshrutingizga kiritishingiz mumkin.
Goʻynuk darasi

Antaliya shahar markazidan 36 km janubi-gʻarbda, Kemerning shimolda joylashgan Goʻynuk darasi; oʻzining soʻlim tabiati, koʻm-koʻk daraxtlari, tabiiy sharsharalari va hovuzlari bilan deyarli yer yuzidagi jannatga aylangan. Ushbu dara dunyoga mashhur Likiya yoʻlida joylashgan.
Kekova

Kekova, uzunligi 7,4 km, kengligi taxminan 500 metrga yetgan orol boʻlib, Uchogʻiz (Teimiusa) va Kale (Simena) qishloqlari boʻylab choʻzilgan. Eng baland choʻqqisi 188 metr boʻlgan orolni feruza dengiz oʻrab olgan.
Kekova - soʻnggi yillarda tobora ommalashib borayotgan orollardan sanaladi. Chayagʻzi (Andriake) dan amalga oshiriladigan qayiq sayohatlari "Kekova sayohati" deb atala boshlandi. Bundan ham muhimi, orol atrofidagi arxeologik tabiiy himoya hududlariga “Kekova muhofaza hududi” nomi berilgan.
Kash - Antaliyaning gʻarbiy qismida joylashgan, sheʼr va qoʻshiqlar yoziladigan, dam olish va hordiq chiqarish uchun afzal sanalgan, tor koʻchalari va tabassumli odamlari bilan sizni oʻziga tortadigan «shinamgina» shaharcha soʻzi bilan taʼriflashga loyiqdir.
Kash sizga oʻnlab tadbirlarni vaʼda qiladi. Ulardan eng mashhuri Kashning kichik bandargohidan joʻnaydigan qayiqlarga minib, moviy qoʻltiq boʻylab sayohat qilishdir. Bundan tashqari, bu sokin qoʻltiqda Turkiya va Yevropada eng mashhur shoʻngʻish manzillari mavjud. Kanyon, Dimitri (Pamuk), Besmi oroli, Buyuk gʻor va Limanagʻzi Kashning eng taniqli va istiqbolli shoʻngʻish joylaridir.
Sohillari:
Konyaalti sohili

Turkiyaning eng mashhur sohillaridan biri boʻlgan Konyaalti sohili Antaliya shahar markazidan atigi sakkiz kilometr gʻarbda, yaʼni shahar ichida joylashgan. Moviy bayroq sohibi va 7,5 km uzunlikdagi sohil Antaliyaning eng muhim tabiiylik siymolaridan biridir.
Kaputash sohili

Birinchi darajali tabiiy muhofaza qilinadigan hudud boʻlgan Kaputash sohili Kash-Kalkan avtomagistralida joylashgan. Kaputash - dengizga tutashgan vodiyning ogʻzida joylashgan sohildir. Oq qumlardan iborat ushbu sohil - ochiq havoda toʻq koʻk, yaqinlashganda moviy, qirgʻoqdan qaraganda esa feruza rang boʻlib tovlanadigan afsunkor dengiz hisoblanadi.
Chirali sohili

Kemer tumanidagi Chirali sohili janubiy tomondan Qadimgi Olimpos shahri, shimoli-gʻarbidan esa Yanartash (Ximera) bilan oʻralgan. Chirali sohilining uzunligi 3,2 km va kengligi 10 dan 50 metrgacha. Sohil dengizdan yengil qiyalik bilan koʻtariladi va ikkala uchida qoyalar bilan chegaralanadi. Umuman olganda, u mayin qumlari bilan mashhur.
Patara sohili

Patara sohili Turkiyadagi ikkinchi eng uzun sohildir. Uning kengligi 280 metrdan 1500 metrgacha, umumiy uzunligi esa 14 kilometrni tashkil qiladi. Maxsus atrof-muhitni muhofaza qilish hududi deb eʼlon qilingan Patara, shuningdek, Turkiyadagi Saretta Saryettas noyob toshbaqalarining ham koʻpayishi uchun maqbul hudud sanaladi.
Injekum sohili

Injekum - Alaniyadagi Avsallar shaharchasidagi sohil boʻlib, u oʻziga xos qumi bilan mashhur. Mayingina sariq qumi va sayoz dengizi bu sohilni oʻziga xos qiladigan asosiy omillardir.
Lara sohili

Lara sohili Antaliya shahar markazidan 18 kilometr janubi-sharqda joylashgan. U sohil qumliklarining kengligi va nafis qumga egaligi bilan mashhurdir. Shuning uchun Lara sohili odamlar orasida Oltinqum sohili deb ham ataladi. Lara sohilining uzunligi ikki kilometr, kengligi esa oʻrtacha 45 metr.
Damlatash va Kleopatra sohili

Damlatash va Kleopatra sohillari Alaniya qalʼasining gʻarbida joylashgan boʻlib, ikkala plyaj ham “Moviy bayroq” sohiblaridir. Damlatash sohili Damlatash gʻorining roʻparasida joylashgan. Tarixdan Misr malikasi Kleopatra va Rim imperatori Antoniuslarning aynan bu yerda suzganlari bu yerning dongʻini yanada oshiradi va Kleopatra nomi bilan ham mashhurdir. Dengiz koʻzoynaklari bilan suzilsa, baliq va boshqa dengiz jonzotlarini koʻrish imkoniyati mavjud.




