Metrodagi shilqimlar 5 sutkaga qamaldi
Bugun ochiq sud majlisida ikkoviga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilgan.

Toshkent metrosida qizlarga shilqimlik qilib, bu holatini tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqqa joylagan blogerlar 5 sutkaga qamalgan.
Bugun ochiq sud majlisida T. R. (2001 yil Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, talaba) va K.K.ga (2001 yilda Andijon viloyatida tugʻilgan, talaba) oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi qaroriga koʻra T. R. va K. K. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ushbu kodeksning 32-moddasi (maʼmuriy javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlar) 4-qismi tartibida ularning har biriga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.




