“SPA” salonlari ilk bor qayerda va qanday paydo boʻlgan?
Turkiyadagi bebaho meros, termal buloqlar oʻlkasi Afyonkarahisar va shifobaxsh suv madaniyati tarixi haqida.

Yer osti va yer usti shifobaxsh mineral buloqlar kabi suv resurslaridan davolash vositasi sifatida foydalanish termalizm deb ataladi. Termalizm Yevropada qadim zamonlardan to hozirgi kungacha keng qoʻllanilgan amaliyotdir. Gʻarbda oʻziga xos arxitektura anʼanalariga asosan qurilgan “SPA” issiqlik inshootlari boʻlgan koʻplab aholi punktlari mavjud.
MAʼLUMOT UChUN: “SPA” soʻzi aslida butun Yevropada shifobaxsh suvlari bilan dongʻi ketgan Belgiyaning Spa kurorti nomidan olingan. Keyinchalik barcha shifobaxsh issiq suvi yoki hovuzi bor sihatgohlar ana shu kurort nomidan kelib chiqib “SPA” deb atala boshlangan.
Turkiyadagi shifobaxsh suv madaniyatini Yevropaning bebaho merosi, deb hisoblash mumkin.
Turkiyani termal buloqlar oʻlkasi, deb bejiz aytishmaydi. Chunki mamlakatdagi koʻplab shaharlarda, jumladan, Pamukkala, Denizli, Karaxayit, Kizilkaxamam, Balchova, Sultoniya, Ayder va Erzurumda termal buloqli kurortlar va sihatgohlar hamda SPA salonlari xizmati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Afyonkarahisar – termal turizm poytaxti
Ayniqsa Afyonkarahisar shahri ular orasida alohida ajralib turadi. Afyonkarahisar shahri azaldan va tarixan termal turizm poytaxti hisoblanadi. Bu tarixiy shahar, shuningdek, madaniyat, tabiat va oshpazlik sanʼatining muhim markazlaridan biri hamdir. Afyonkarahisar 5000 yildan ziyod tarixga ega. Shahar Xet, Frig, rimlik, vizantiyalik, saljuqiy va usmoniylar kabi koʻplab imperiyalar tarkibida taraqqiy etib kelgan. Ushbu tarixiy shaharda ilk asrlardan beri davom etib kelayotgan termal anʼana bugungi kungacha avlodlar osha davom etib kelmoqda.
Bu shahardagi buloqlardan chiqayotgan qaynoq suv koʻplab shifobaxsh xususiyatlarga ega.
Salomatlikka foydasi
Termal suvda va termal qaynoq buloqlarda choʻmilish, ayniqsa, inson terisiga katta foyda keltiradi. Terini kislorod bilan taʼminlab, namlantiradi va zarur moddalar bilan oziqlantiradi. Xususan, yogʻli terilar uchun termal suv tiklovchi malham oʻrnini bosadi. Teridagi turli dogʻ va toshmalarni ketkizadi, qichishish va qizarishlarni yoʻqotadi.
Umumlashtirib aytilsa, termal buloqlar suvi atopik dermatit, psoriaz, seboriyali dermatit, kontakt dermatit, keksalik bilan bogʻliq teri qichishishi, quyosh taʼsirida paydo boʻlgan eritema kabi xastaliklarga davo boʻladi. Termal suvlar, shuningdek, depilyatsiya, lazer terapiyasi va chuqur piling kabi amaliyotlarning nojoʻya taʼsirini ketkazishda ham samarali natija beradi.
Shifokorlarning tavsiya qilishicha, revmatizmdan azob chekayotgan va jarrohlik amaliyotini boshidan oʻtkazgan bemorlar termal horvuzlarda tez-tez choʻmilib turishlari lozim.
Nafaqat choʻmilish, balki ichish ham mumkin!
Termal suvda nafaqat choʻmilish, balki uni ichish ham mumkin. Bunday amaliyot umumiy salomatlikni va kayfiyatni yaxshilaydi. Yer osti qaynoq suv oqimlaridan olinadigan suv bir necha bosqichli filtrlardan oʻtkazib isteʼmol qilinadi. Termal suv mineral suv, yaʼni maʼdanli suvdan ancha farq qiladi. Termal suvda maʼdanli suvga nisbatan natriy moddasi kam, yaʼni shirinroq boʻladi. Lekin foydali mineral mikroelementlari – selen, marganets, kalsiy, kremniy, mis, rux va temir moddalari koʻproq.
Afyonkarahisarning geotermal buloqlari va oshxonasi
Turkiyaning Afyonkarahisar shahrida bir necha geotermal buloqlar mavjud. Bu yerdagi termal hovuzlardagi suv harorati 42 darajadan oshmaydi. Shu bois ularda yozda ham, qishda ham bemalol choʻmilish mumkin. Shu jihati bilan Afyonkarahisar shahri har yili butun dunyodan millionga yaqin sayyohni oʻziga jalb etadi. Bu shaharda koʻplab mehmonxonalar, jumladan, 5 yulduzli mehmonxonalar hamda termal suvli hovuzlari mavjud pansionatlar joylashgan. Bu yerdagi termal hovuzlar bir vaqtning oʻzida jami 25 ming kishiga xizmat koʻrsata oladi.
Shu bilan birga, Afyonkarahisar shahri oʻzining qaymogʻi, lokumi, goʻsht mahsulotlari, kartoshkali noni va boshqa mahsulotlari bilan mashhur. Afyonkarahisar oshxonasi 2019 yilda YuNESKO gastronomiya sohasidagi Ijodiy shaharlar tarmogʻiga kiritilgan.
Hozirda dunyoning 36 ta shahri kiritilgan mazkur tarmoqqa Afyonkarahisar Turkiyaning Gaziantep va Hataydan keyin qoʻshilgan shahar hisoblanadi.
Afyonkarahisarda toʻy taomlarining ajralmas qismi boʻlgan Keshkek taomi oddiy usulda yoki qaymoq qoʻshib tayyorlanadi.
Bu mintaqa oshxonasining yana bir koʻp asrlik ajralmas qismi – bu tandir pechi boʻlib, unda qoʻzichoq goʻshti uch soat davomida pishiriladi, bir kun tindiriladi, soʻngra guruch yoki non bilan dasturxonga tortiladi.
Afyonkarahisarning sut va goʻshtlari mashhurligi ortida albatta shaharning boy bioxilma-xilligi turadi. Hududda oʻsadigan shifobaxsh oʻtlari bilan boqiladigan chorva mollari ham mintaqaning mazali goʻsht va sutining sifatini taʼminlaydi.