Chegarada buzilgan devorlar va chekinayotgan 13 yil avvalgi “xoʻrozlanish”
Qirgʻizistonga punktlar boʻylab oʻtish yoʻli Oʻzbekiston tomonidan 2010 yilda bir tomonlama yopilgan edi. Bunga javoban Qirgʻiziston tomoni ham uchta nazorat-oʻtish punktini berkitdi.

Azaldan hududlarni belgilash uchun chiziq tortiladi yoki devor quriladi. Koʻpincha esa dushmanlardan himoyalanish uchun devor quriladi. Buyuk Xitoy devori bunga misol. Bu devorlar qurilishi xalqlar oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashganidan, boshqa xalqlarni “jini suymasligidan” darak beradi. NATOga aʼzo boʻlgan Finlandiya va agressor Rossiya oʻrtasida devor qurilayotgani, AQSh va Meksika oʻrtasidagi noqonuniy migrantlarga qarshi qurilayotgan devor ham fikrimiz isbotidir.
Davlatlar va xalqlarni ajratib turgan devorlarning qulashi esa siyosiy iqlim iliqlashgani, chegaraning ikki tarafidagi xalqlar yaqinlashgani va birlasha boshlaganidan darak beradi.
34 yil avvalgi olamshumul voqea
Bundan 34 yil avval Yevropada shunga oʻxshagan olamshumul voqea yuz berdiki, tarix zarvaraqlaridan haqli ravishda oʻrin oldi: 1989 yil 9 noyabr kuni Berlin bevori buzib tashlandi.
Qariyb 28 yil ikki xalqni ajratib turgan sunʼiy toʻsiq quladi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin gʻolib davlatlar (ularning roʻyxati hozirda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy aʼzolari roʻyxatiga aynan mos keladi) tajovuzkor Germaniya taqdirini hal qilishdi. Germaniya davlatining hududi ikkiga boʻlinib, yarmi AQSh boshchiligidagi Gʻarb koalitsiyasi mandatida (bu hududda keyinchalik poytaxti Bonn boʻlgan GFR tashkil topdi), yarmi esa SSSR boshchiligidagi Sharqiy Yevropa davlatlari ixtiyoriga oʻtdi va ruslarga tobe qoʻgʻirchoq hukumat boshqaradigan GDR tashkil etildi.
Poytaxt Berlin shahri esa ikkiga boʻlindi. Dastlab oʻrtada tikanli simlar va ikki davlat qoʻshinlari soqchilik qiladigan demarkatsiya chizigʻi tortildi.
Gʻarbiy Germaniya kapitalistik va demokratik yoʻldan ketdi. Iqtisodiyoti gullab-yashnadi. Xalq erkin va ozod yashadi. Sharqiy Germaniyada esa kommunistik tuzumlarga xos boʻlgan qullik, qoʻrquv va kambagʻallik ustun boʻlgan sovet diktaturasi oʻrnatildi. Davlat-qamoqxona tashkil etildi.
Albatta, Sharqiy Germaniyada qolgan nemis xalqining bunga koʻnikishi qiyin boʻldi. Kambagʻallik va tutqunlikka koʻnika olmagan nemislar ozod dunyo tomonga qochib oʻtishga harakat qilishardi. Tikanli simlarni yorib oʻtib qochib oʻtishga urinishlar koʻp edi. Bundan bezor boʻlgan kommunistlar 1961 yil 13 avgustda oʻrtadan baland devor tortishdi.
Tutqunlik va kambagʻallikka koʻniksa boʻlar-u, lekin qarindosh-urugʻlardan ayro qolishga oʻrganish qiyin boʻldi. Ayrimlarning qarindoshlari, hatto bolalari tikanli simlarning narigi tarafida qolib ketgandi. Chegaradan oʻtish esa juda azob, hatto imkonsiz edi. Kommunistik Germaniyada qolib ketgan nemislar hatto farzandlari tugʻilsa, boshqa qarindoshlari uni koʻrishga kela olishmasdi. Hatto yangi tugʻilgan chaqaloqlarni chegara uzra baland koʻtarib koʻrsatishardi.
Ammo bu bilan ozodlikka intilganlar oqimi toʻxtamadi. Devordan oshib yoki tagidan lahm kavlab qochishga urinishlar son-sanoqsiz boʻlgan. Qoʻlga tushganlar esa, tabiiyki, sovet askarlari tomonidan otib oʻldirilgan. GDR tomonining maʼlum qilishicha, jami 125 kishi otib tashlangan. Boshqa manbalarda 28 yil davomida 1245 kishi oʻldirilgani aytiladi.
Ammo qochishlar toʻxtamagan. Hatto GDR askarlari ham qochib oʻtishgan.
Xalq bu devorga “Sharmandlik devori” deb nom berdi.
Ammo insonga xos hech narsa abadiy emas. Gʻarbni “chirib ketgan, hademay qulaydi”, deb fol ochgan kommunistlar davlatining oʻzi chirib, omonat boʻlib qoldi. Hatto 70 yilga ham bormadi. Afgʻonistonga qilgan 10 yillik tajovuzi sovet davlatining tobutiga oxirgi mixni qoqdi.
Sovetlar davlatining umr shami yonib bitib, soʻnggi marta tutayotgan paytda SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov katta islohotlar, jumladan, qayta qurishni boshladi. Sovetlarning Sharqiy Yevropadagi qoʻshinlari chaqirib olindi. Sharqi Yevropani qoʻrquv ostida ushlab turgan, Vengriya va Polshadagi bir necha ozodlik yoʻlidagi xalq isyonlarini bostirgan “Varshava shartnomasi” harbiy bloki tarqatildi. Yevropa kommunistlar tahdididan ozod boʻldi. Eng muhimi, GDR va GFR davlatlari yana birlashib, oʻrtadagi Berlin devori – “sharmandalik devori” buzib tashlandi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston: 13 yil avvalgi “xoʻrozlanish”ga chek qoʻyildi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarasidagi devor buzilayotgani aks etgan videoni koʻrib, beixtiyor ana shu Berlin devorining buzilishi xayolga keldi. Berlin devorining qulashi yangi davr va oʻzgarishlar shamolidan qulagan edi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi devor esa oʻtgan davrdagi kaltabin siyosat, qoʻshnilar bilan takabburlikka va oʻzbek jurnalisti Komiljon Shamsiddinovning taʼbiri bilan aytganda, “xoʻrozlanish”ga asoslangan munosabat isboti sifatida oʻrnatilgani ham bor gap. Alal-oqibat Qirgʻizistonga punktlar boʻylab oʻtish yoʻli Oʻzbekiston tomonidan 2010 yilda bir tomonlama yopilgan edi. Bunga javoban Qirgʻiziston tomoni ham uchta nazorat-oʻtish punktini berkitdi.
Yaratganga shukrki, zamon oʻzgardi. Oʻzbekistonda demokratik jamiyat rivojlanmoqda. Xalqaro munosabatlarda, ayniqsa qoʻshnilar bilan alaqalarda ijobiy oʻzgarishlar boʻy koʻrsata boshladi.
Oʻzbekiston prezidentining shu yil boshida – 26-27 yanvar kunlari Qirgʻizistonga uyushtirgan davlat safari ham bu jihatdan juda samarali boʻldi, deyish mumkin.
Davlat safari davomida ikki mamalakat rahbarlari tor va kengaytirilgan shakllarda oʻzbek-qirgʻiz strategik sheriklikning bir qator masalalari, shuningdek, doʻstlik, birodarlik va yaxshi qoʻshnichilik ruhidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish boʻyicha rejalar muhokama qilishgan edi.
Natijalar oʻzini uzoq kuttirmadi. 13 yil avval yaxshi qoʻshnichilikka soya solgan ahmoqlik va qoʻpollik bilan buzib tashlangan aloqalar qayta tiklanmoqda. Natijada Oʻzbekiston va unga qoʻshni davlatlar oʻrtasida, xususan, Qirgʻiziston oʻrtasida bordi-keldilar koʻpaydi. Import-eksport hajmi oshmoqda. Qirgʻiziston bozorlarini oʻzbek tovarlari egallab, hatto tannarxi arzonligi va sifatli ekani bois, Xitoy tovarlarini ham siqib chiqarmoqda.
Ikki davlat oʻrtasidagi bordi-keldi va tijorat qatnovlarining koʻpayishi chegarada mavjud nazorat-oʻtish punktlari ishini qiyinlashtirib yubordi. Oʻtish yoʻlini kengaytirish ehtiyoji tugʻildi. Natijada hukumatlar oʻrtasidagi kelishuvlarga muvofiq, avval yopilgan 3 ta oʻtish punktini qayta ochishga kelishib olindi.
Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara xizmatining maʼlum qilishicha, yaqinda oʻzbek-qirgʻiz chegarasida uchta nazorat-oʻtkazish punkti - Bekobod (Jalolobod viloyati), Qora-Suv va Qora-Bagʻish (Oʻsh viloyati) ochiladi.
“Qirgʻiziston tomoni fuqarolarning ushbu punktlardan oʻtishini tiklashga toʻliq tayyor, biz Oʻzbekiston tomonini kutmoqdamiz. Oʻtish joylarini ochish boʻyicha kelishuv hukumat darajasida boʻlgan”, — degan Qirgʻiziston chegara xizmati.
Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar...
Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar, deydilar. Avval ruslar istilosi tufayli 5 ga boʻlib tashlangan Turkiston bugun yana birlashishga yuz tutmoqda. Albatta, hali Yevropa Ittifoqida boʻlgani kabi chegarasiz va mustahkam ishonch ustun munosabatlar bosqichiga oʻta olganimiz yoʻq. Ammo mavjud vaziyat ham dilni xushnud qiladi. Oʻzaro ishonch qozongan yaqin qoʻshnilar orasida yana bir darcha ochildi.
Eng muhimi – oʻzaro ishonch. Yevropa Itifoqidagi birlashuv ham ayni shu muhim omildan – ishonchdan boshlangan edi.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.