platina.uz
Jamiyat

Amaldorlar va davlat ishchilarining tanish-bilishchiligi qonun bilan taqiqlanyapti

Senatning 41-yalpi majlisi 2023 yilning 1 iyun kuni chaqiriladi va unda ushbu qonun ham muhokama qilinadi.

Amaldorlar va davlat ishchilarining tanish-bilishchiligi qonun bilan taqiqlanyapti

“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bilan amaldorlar va davlat xizmatchilarining tanish-bilishchiligi va boshqa manfaatli jihatlari qonun bilan taqiqlanyapti.

Senatning 41-yalpi majlisi 2023 yilning 1 iyun kuni chaqiriladi va unda ushbu qonun ham muhokama qilinadi.

Shuningdek:

  • “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”;
  • “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”;
  • “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”;
  • “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”;
  • “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”;
  • “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar koʻrib chiqiladi.

Majlisda Markaziy bank 2022 yildagi faoliyati haqida hisob ham beradi.

“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun oʻzi nima haqida?

Qonun talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq qilinadi:

  • davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga;
  • davlat muassasalariga;
  • davlat unitar korxonalariga;
  • davlat maqsadli jamgʻarmalariga;
  • ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlariga.

Qonunda manfaatlar toʻqnashuvi tushunchasiga shunday taʼrif beriladi:

“Manfaatlar toʻqnashuvi – shaxsiy manfaatdorlik shaxsning lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlat huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan (ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi) vaziyat”.

Hujjat bilan quyidagi shaxslar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimiga aloqador shaxslar deb eʼtirof qilinmoqda:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimining yaqin qarindoshlari (yaqin qarindoshlar deganda ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari tushuniladi);
  • xodim va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaxs;
  • xodim yoki uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxs rahbari yoki boshqaruv organi aʼzosi boʻlsa, oʻsha yuridik shaxs.
  • Qonun bilan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimining manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi va bunga qoʻl ostidagilarni bevosita yoki bilvosita majburlamasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, xodim oʻz ish yurituvidagi hujjatlar boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar rahbari yoki maxsus boʻlinmani xabardor qilishi, boshqa xodimlarning shu kabi harakatlari yuzasidan ham xabar berishi kerak.

Qonunga koʻra, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari:

  • oʻz xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish orqali shaxsiy naf olishga haqli emas;
  • xodimlar oʻzi ishlayotgan tashkilot nazorati ostidagi tashkilotlarning aksiyalariga yoki ulushlariga oʻzining yoki yaqin qarindoshlarining egalik qilishi va boshqaruv organi aʼzosi boʻlishi mumkin emas; bunday holatlarda ular oʻz ulushlarini 1 oy ichida sotishi yoki boshqaruv organlari aʼzoligidan chiqishi kerak;
  • oʻzi ishlayotgan davlat tashkilotida oʻziga taalluqli boʻlgan yoki oʻziga aloqadorlarga taalluqli ishlarni koʻrib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishi mumkin emas;
  • oʻzi yoki oʻziga aloqador shaxslar u faoliyat olib borayotgan davlat tashkilotining mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda ishtirok etishi mumkin emas.

Manfaatlar toʻqnashuvlari quyidagi manbalardan olingan maʼlumotlar orqali aniqlanadi:

  • deklaratsiyalar;
  • davlat xaridlari davomida olingan takliflar, saralash yoki tender komissiyalari majlislari bayonnomalari, tuzilgan bitimlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimi faoliyatidagi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi murojaatlari yoki xabarlari;
  • tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) roʻyxatlari;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik subʼektlarini roʻyxatdan oʻtkazish moduli;
  • “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy mehnat tizimi;
  • qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi;
  • maxsus vakolatli davlat organi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha kiritilgan taqdimnoma.

OAV va internet tarmogʻida manfaatlar toʻqnashuvi haqida maʼlumot tarqalganida, bu holatlar tegishli tartibda oʻrganib chiqiladi.

Manfaatlar toʻqnashuvi holatlarida quyidagi choralardan biri koʻriladi:

  • rahbarning bevosita boʻysunuvidagi xodimni manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbar boʻysunuviga oʻtkazish;
  • xodimni manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy oʻzini oʻzi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish;
  • xodimning lavozim majburiyatlari doirasini qayta koʻrib chiqish;
  • tashkilotning manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan axboroti va hujjatlaridan xodimning foydalanishini cheklash;
  • yakka tartibda qarorlar qabul qilishga doir vakolatlar ustidan kollegial nazoratni taʼminlash;
  • xodim tomonidan oʻzi ishlayotgan tashkilotlar manfaatlariga zid boʻlgan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;
  • shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish mumkin boʻlmaganda, xodimning roziligi bilan uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga oʻtkazish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid