Toshkentda tergovdagi yigit vafot etdi
U zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiyot markaziga olib borilgan. Unga "bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana aʼzolarining gematomasi" tashxisi qoʻyilgan.

Toshkent shahri Chilonzor tumani IIB binosida tergovga chaqirilgan 21 yoshli yigit hojatxona derazasidan sakrab, jarohat olgan va keyinchalik vafot etgan.
Ichki ishlar vaziriligining aniqlik kiritishicha, 22 may kuni tonggi soat 04:30 larda Chilonzor tumanidagi yoʻl patrul xizmati maskanida xizmat olib borayotgan YPX inspektorlari Gentra mashinasini toʻxtatishgan.
Yoʻlovchi X.T. oʻz xatti-harakatlari bilan xodimlarda shubha uygʻotgani aytilgan. Shu sababli xolislar ishtirokida tekshirilgan va uning yonidan oʻtkir hidli toʻq jigarrang modda aniqlangan. Oʻtkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga koʻra, bu modda 53,52 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi boʻlib chiqqan.
Holat yuzasidan X.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Shu kuni taxminan soat 18.50 larda X.T. Chilonzor tumani IIO FMBdagi 4-qavatda joylashgan xizmat xonasiga olib ketilayotganda u hojatxonaga kirishni soʻragan. Hojatxonada tergovdan qochish maqsadida derazadan sakragan. Oqibatda bosh va tana qismidan turli jarohatlar olgan. Aytishicha, bu holat videoyozuv moslamalarida qayd etilgan.
U zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiyot markaziga olib borilgan. Unga "bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana aʼzolarining gematomasi" tashxisi qoʻyilgan.
Bugun, 29 may kuni X.T. kasalxonada vafot etgan. Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv oʻtkazmoqda.