UEFA Chempionlar Ligasi kubogining yangi sohibi Istanbulda aniqlanadi
UEFA Chempionlar Ligasi finaliga bagʻishlangan Chempionlar festivali 2023 yil 8-11 iyun kunlari Istanbuldagi Yenikapi festivallar maydonida tashkil etiladi. Istanbulda futbol ishqibozlarini nimalar kutyapti?

Dunyoning eng muhim sport tadbirlaridan biri boʻlgan UEFA Chempionlar Ligasi final oʻyiniga ham sanoqli kunlar qoldi. 2023 yil 10 iyun kuni Istanbulning Otaturk Olimpiya stadionida boʻlib oʻtadigan ushbu sport bayramida ishtirok etishning oʻziyoq bir umrlik oʻchmas zavq boʻlib xotirada qoladi.
Final musobaqasida qatnashish nafaqat muxlislik ishtiyoqini baxsh etadi, balki qiziqarli madaniyat va sanʼat hayoti, tarixiy osori-atiqalari, noyob shahar meʼmorchiligi, yorqin tungi hayoti va deyarli cheksiz xarid qilish imkoniyatlari bilan Istanbulni boshqa jihatdan ham kashf etishga sabab boʻladi.
Koʻhna va goʻzal Istanbul shahri futbol muxlislariga unutilmas sayohatni vaʼda qilmoqda. Yakuniy oʻyin oldidan bu tarixiy shaharni kezib zavq olishingiz, dunyoning eng hayratlanarli joylaridan biri boʻlgan ushbu dinamik metropolisda bir hafta boʻlib unga bir umrlik muhabbat qoʻyishingiz mumkin.
Chempionlar festivali
UEFA Chempionlar Ligasi finaliga bagʻishlangan Chempionlar festivali 2023 yil 8-11 iyun kunlari Istanbuldagi Yenikapi festivallar maydonida tashkil etiladi. Turkiyaning rasmiy turizm targʻibot platformasi GoTürkiye shu kunning oʻzida Kris Luno, V2V Seamus, Guillaume de Kadebostany va Lost Frequencies ishtirokida 2 DJ lar guruhiga mezbonlik qiladi.
Oʻtmishning boy merosi boʻlgan tarixiy binolar
Istanbul oʻzining koʻp madaniyatliligi, oʻziga xosligi va mamlakatning boy tarixini aks ettiruvchi tarixiy obidalari va meʼmorchiligi bilan dunyo boʻylab minglab sayyohlarni oʻziga jalb etadi. Tarix davomida koʻplab sivilizatsiyalarga vatan boʻlgan bu shahar strategik joylashuvi tufayli turli davr va madaniyatlar izlarini aks ettirgan minglab tarixiy binolarga ega. "Tarixiy yarim orol"da shaharning bir qancha mashhur binolari joylashgan.
Istanbul minoralari ham tomosha qilishga arziydigan diqqatga sazovor joylardir. Galata minorasi, Istanbul siluetidagi mashhur inshoot, kuzatuv maydonchasidan shaharning ajoyib panoramik manzaralarini taqdim etadi. Boshqa tomondan, Istanbul Bosforining timsoli boʻlgan Qiz qalʼasi tashrif buyuruvchilarga goʻzal Istanbulni butunlay boshqa nuqtai nazardan tomosha qilish imkonini beradi.
Sanʼat va madaniyatning noyob uygʻunligi
Boy tarixiy merosi bilan tanilgan Istanbul, davrning madaniy dinamikasini anʼanalar bilan uygʻunlashtirgan muzeylari, zamonaviy sanʼat galereyalari, madaniyat markazlari, nomdor sanʼatkor va dizaynerlar mehmoni boʻlgan koʻchalari va konsert maydonchalari bılan mashhurdir. Istanbulga tashrif buyurishdan oldin Otaturk madaniyat markazi (AKM) va Santralistanbul kabi zamonaviy sanʼat markazlarining iyun taqvimlarini tekshiring, turli shou va tadbirlar uchun vaqt ajrating. Pera muzeyi, Atlas kino muzeyi, Istanbul Modern kabi muzeylarni ziyorat qilib, zamonaviy sanʼat nafasini his qilishingiz mumkin.
Hammani hayratga solishga qodir turk oshxonasi
Mohir oshpazning dasturxonidagi eng oddiy, ammo eng mazali taomlardan tortib, Istanbul har bir noziktaʼb xoʻranda uchun haqiqiy moʻʼjizadir. Bu esa Istanbulni dunyoning eng yaxshi gastro-shaharlaridan biriga aylantiradi. Istanbulning asrlar davomida mezbonlik qilgan turli madaniyatlar tomonidan shakllantirilgan maxsus turk oshxonasi bu shaharni ziyorat qilishning asosiy sabablaridan biridir.
Haqiqiy xarid zavqi
Tarixiy bozorlari, hashamatli nomdor butiklari va dizaynerlik doʻkonlari bilan Istanbul tashrif buyuruvchilarga boy xarid tajribasini taqdim etadi. Grand Bazaar va ziravorlar bozori kabi tarixiy savdo majmualariga tashrif buyurib, shaharning qadimiy muhitini his qilishingiz va qoʻlda toʻqilgan asil gilamlar, sopolli koshin buyumlar va anʼanaviy hunarmandchilik sanʼatiga oid suvenirlarni xarid qilishingiz mumkin. Shuningdek, Taksim va Nishantashida dunyoga mashhur dizaynerlarning soʻnggi urfdagi takrorlanmas asarlarini xarid qilish imkoniyatiga ega boʻlasiz.