Toshkentda fuqarolarga mavjud boʻlmagan aviachiptalarni sotgan shaxs ushlandi
U 15 nafar fuqaroga qariyb 247 mln soʻmlik mavjud boʻlmagan aviachiptalarni sotgan.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida 32 yoshli shaxs tomonidan 15 kishiga mavjud boʻlmagan aviachiptalar sotilgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2022 yil davomida firma rahbari boʻlib ishlagan 32 yoshli O.T. 15 nafar fuqaroga jami 246 520 800 soʻmlik mavjud boʻlmagan aviachiptalarni sotgan. U fuqarolardan olingan pullarni firmaning bank hisob raqamiga oʻtkazmay, oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov davom etmoqda.




