Saudiya Arabistoni birinchi ayol-fazogirni kosmosga uchirdi
Saudiya Arabistoni birinchi ayol-fazogir Rayyona Barnoviyni kosmosga uchirdi. Barnoviy Xalqaro fazo stansiyasida bir qator tajribalar oʻtkazadi. Unga xususiy parvoz chogʻida yana bir saudiyalik fazogir Ali al-Qaraniy, NASA sobiq astronavt Peggi Vitson va avtopoygachi Jon Shoffner hamrohlik qiladi.

Rayyona Barnoviy koʻkrak bezi saratoni boʻyicha tadqiqotchi boʻlib, ilk marta Xalqaro fazo stansiyasiga chiqarilgan ikki saudiyalikdan biri hisoblanadi. Ikkinchi fazogir sifatida esa harbiy uchuvchi Ali al-Qaraniy tanlab olingan.
Axiom Space xususiy kosmik kompaniyasi tashkil etgan ushbu fazo missiyasida ular ochiq kosmos hamda vaznsizlik sharoitida turli dori darmonlarning inson hujayralariga taʼsiri, vaznsizlik sharoitida oʻzak hujayralarining hamda zararli va zararsiz oʻsimtalarning oʻzini tutishi, mikrogravitatsiya sharoitida bulutlarning hosil boʻlishi kabi yoʻnalishlarda tajribalar oʻtkazishadi.
Fazogirlarni ortgan SpaceX Falcon 9 tashuvchi raketasi Crew Dragon kemasini Floridadagi Kanaveral kosmodromidan muvaffaqiyatli uchirdi.
Saudiya Arabistoni 2018 yilda Saudiya kosmik komissiyasini tashkil etgan. Mazkur missiya Saudiya Arabistonining 2030 yilgacha moʻljallangan maxsus dasturining bir qismi hisoblanadi. Ushbu islohotlar dasturi esa mamlakatning neftdan qaramligini pasaytirish va yoshlar uchun ish oʻrinlarini koʻpaytirish kabi maqsadlarni koʻzda tutadi.