Toʻgʻri tanlov, kelajakka ishonch, katta maqsad va intilish!

Vazirlar va davlat arboblari orzular ostonasida turgan bitiruvchilarga tavsiya va tilaklarini aytib, yangi hayotga oq yoʻl tiladi.

Jamiyat
25-may 2023 yil
Toʻgʻri tanlov, kelajakka ishonch, katta maqsad va intilish!

Bugun barcha umumtaʼlim maktablarida oʻquv yili yakuniga yetib, bitiruvchilar katta hayotga uchirma boʻlmoqda. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, Tabiat resurslari vaziri, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatovaning orzular ostonasi, yangi hayot boʻsagʻasida turgan maktab bitiruvchilarga tilaklarini bildirishdi.

Siz hamma narsani uddalaysiz, men bunga ishonaman!

Xilola UMAROVA, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri:

Aziz bitiruvchilar, qadrli oʻgʻil-qizlar!

Mana, hayotingizdagi eng hayajonli va unutilmas kun ham yetib keldi — siz maktabni tark etyapsiz. Jonajon maktabingizni nihoyalab, katta hayotga qadam qoʻymoqdasiz. Men sizlarga maktab davrlaringizni, birinchi sinfdan boshlab sizga ilm sirlarini oʻrgatgan, oʻz mehrini ayamagan oʻqituvchilaringizni har doim iliqlik va mehr bilan yodga olishingizni tilayman.

Bolalikdan yangi katta hayotga qadam qoʻyar ekansiz, toʻgʻri tanlov qilib, kelajakda barcha toʻsiqlarni yengib oʻtishga yordam beradigan munosib kasb tanlashingizni tilayman. Unutmangki, bugungi tanlovingiz kelajagingizni belgilab beradi.

Maktab yillaringiz bu dunyoni anglash, xato qilish, oʻz qadriyatlarini shakllantirish hamda oʻzingizga oʻrnak olishingiz lozim boʻlgan odamlarni aniqlash davri edi. Maktabda sizni gʻamxoʻr ustozlar va ota-onalar qoʻllab-quvvatlab, toʻliq rivojlanish va baxtli hayot kechirishingiz uchun zarur boʻlgan hamma narsani qildilar. Endi olingan bilimlaringiz bilan katta hayotga yoʻl olish va ularning tatbiq etish, munosib hayot uchun jiddiy maqsadlar qoʻyish vaqti keldi. Ishonchim komilki, Siz oʻzingiz va Vatanimiz uchun barqaror kelajak yaratishga tayyorsiz.

Oʻqituvchilaringiz va murabbiylaringizdan olgan barcha yaxshi oʻgitlarni oʻzingizda saqlang, zamonaviy dunyoda muvaffaqiyat qozonishingizga yordam beradigan fazilatlaringizni rivojlantiring, maqsadlaringizga dadil va qatʼiyat bilan boring, intiling va hech qachon tanlagan yoʻlingizdan ortga qaytmang. Siz hamma narsani uddalaysiz, men bunga ishonaman!

Katta hayotda sizlarga baxt, omad va ulkan yutuqlar tilayman, maktab yillaringizni hech qachon unutmang!

Oʻqishdan, ilmdan kuch olib, rivojlanishdan toʻxtamang

Ibrohim ABDURAHMONOV, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri:

Aziz bitiruvchilar!

Sizlarni hayot ostonasidagi muhim qadamingiz – mustaqil bosqichga oʻtayotganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Ayni damda Sizni katta marralar, chegarasiz imkoniyatlar va ertasi bor sinovlar kutmoqda. Ularga yuzlanarkansiz, ichki istaklaringiz va qobiliyatingizga quloq tuting, marrani keng oling. Oʻqishdan, ilmdan kuch olib, rivojlanishdan toʻxtamang. Bu yoʻlda Vatanga sadoqat, millatga hurmat,  qatʼiyat, ilmga tashnalik – Sizning qadriyatingiz boʻlsin.

Kecha, bugun va ertaning jonli nigohi bu – siz. Shu bois kuzatuvchanlik, tahliliy va tanqidiy mushohada, izlanuvchanlik, jasorat tabiatingizga xos boʻlishi zarur.

Zero, Yangi Oʻzbekistonning ilm-fani, madaniyati, qadriyati negizida siz turibsiz, aynan siz shu katta mamlakatimizning ori va gʻururidirsiz.

Har bir yangi kun – yangi orzular, yangi rejalar va yangi gʻoyalar uchun yaxshi imkoniyat. Doimo yurakda ezgu orzularingiz boʻlsinki, kun kelib, qatʼiyatingiz va mehnatingiz ularni, albatta, roʻyobga chiqaradi.

Unutmang, Siz buyuk daholar va allomalar avlodisiz, qoningizda mavj urayotgan kuch va gʻayrat, zakovat va salohiyatni roʻyobga chiqarish oʻz qoʻlingizda.

Mustaqil hayot yoʻlingizda barchangizga cheksiz omadlar tilayman!

 

“Iqtidoringiz va qiziqishingizdan kelib chiqib, toʻgʻri tanlov qiling!”

Aziz ABDUHAKIMOV, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri:

Bugundan eʼtiboran har bir maktab bitiruvchisi uchun mustaqil hayot yoʻllari boshlanadi. Albatta, barchangiz hayotda yutuqlarga erishishda ilm olishingizga, sabr bilan mehnat qilishingizga toʻgʻri keladi.

Quvonarlisi, bugun yurtimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shunday ekan, kelajakda oʻz sohangizning yetuk mutaxassisi boʻlishingizga aminman.

Bu borada esa oʻzingizning iqtidoringiz va qiziqishingizdan kelib chiqib, qaysi oliy taʼlim muassasasida oʻqish boʻyicha ota-onangiz va ustozlaringiz bilan maslahatlashib, toʻgʻri tanlov qilishingiz kerak boʻladi.

Shuni unutmangki, hayotda muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritishning eng toʻgʻri yoʻli mehnatsevarlik, aql va idrok bilan fikrlash, halol va rostgoʻy boʻlishdir. Ana shu jihatlarga amal qilgan kishi hayoti davomida farovon yashaydi.

Yana bir muhim jihat, bugungi va kelgusi avlod munosib tabiiy muhitda yashashi uchun barcha, ayniqsa, siz yoshlar tabiatga mehr bilan eʼtibor berishi, atrof-muhitni toza va ozoda tutishi kerak boʻladi. Tabiatni seving, tabiiy neʼmatlardan oqilona tejamkorlik bilan foydalaning. Ahamiyatlisi, bu bilan yurtimiz tabiati sofligi va ozodaliga munosib hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha maktab bitiruvchilariga avvalo, sogʻlik-salomatlik, kelgusi oʻqish va ishlarida ulkan zafarlar tilayman. Sizlarni baxt va omad aslo tark etmasin.

“Kelajakka ishonch bilan boqing!”

Batir ZAKIROV, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri:

Bugun siz - maktab bitiruvchilari katta hayot boʻsagʻasida turibsiz. Bu hayotning yangi, masʼuliyatli bosqichi. Bilasizmi, baʼzan yuqori choʻqqilarni zabt etish imkonsizdek tuyuladi. Yuksak marralar faqat omadli va iqtidorlilar uchun, degan fikrga kelamiz. Ammo, unday emas. Barcha muvaffaqiyatlar eng avvalo tinimsiz mehnat va harakat orqali keladi. Ishoning, egallab boʻlmaydigan bilim, oʻzlashtirish mumkin boʻlmagan koʻnikmaning oʻzi yoʻq. Kelajakka ishonch bilan boqing! Orzularingiz yoʻlida izlaning, mashaqqatli yoʻl faqatgina omad sari boshlashini aslo unutmang.

Men sizning chaqnoq nigohlaringizga boqib buyuk insonlar, shu jumladan, faxriy quruvchilarni koʻraman. Mamlakatimizning bunyodkorlik sohasini rivojlantirishda bor kuch-gʻayrati, iqtidorini sarflashga tayyor, zamon bilan hamnafas fikrlovchi yoshlar borligidan quvonaman.

Siz jamiyatning ertangi kelajagi, uning faol aʼzosi, mamlakatimiz salohiyatini belgilovchi buyuk kuchsiz. Ishonchim komilki, Yangi Oʻzbekistonning munosib poydevorlari sifatida ota-onangiz va ustozlaringiz yuzini yorugʻ qilasiz.

Orzularingiz, maqsadlaringiz bugungi islohotlar singari ulkan, erishadigan marrangiz, koʻtariladigan shohsupangiz esa  osmonoʻpar binolardek baland boʻlsin!

Sizga havaslarim keladi!!! Oq yoʻl, Sizga”

Sirojiddin SAYYID, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,  Oʻzbekiston xalq shoiri:

Aziz bitiruvchilar!

Sizlarni umringizning kamolot pillapoyasi, hayotingizdagi eng quvonchli va hayajonli damlar – maktabni tugallab, yetuklik onlariga yetib kelganingiz bilan samimiy muborakbod etaman.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilishlar boʻlmoqda. Chindan ham mamlakatimiz yoshlari hayotida katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu muvaffaqiyat yetuklik sari boshlangan katta yoʻl oldidagi ilk muvaffaqiyat, ilk marradir!

Shiddat bilan rivojlanayotgan Oʻzbekistonimizda har bir yosh ham islohotchi, ham tashabbuskor boʻlmogʻi shart va zarur. Oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishlaringizda har biringizga omad yor boʻlsin!

Sizga dilimdagi eng ezgu tilaklarimni izhor etmoqchiman. Yagona Oʻzbekistonimiz kelajagi Siz yoshlarga bogʻliq ekanligini aslo unutmang! Oʻqishdan, izlanishdan, olgʻa harakat qilishdan aslo toʻxtamang. Shunda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy,  Az-Zamahshariy, Jaloliddin Manguberdi singari jahon tan olgan yuzlab buyuk vatandoshlarimizga munosib izdosh boʻlasiz!

Yorqin va begʻubor niyatlar ostonasida barchangizni oldinda kutib turgan kamolot ufqlari bilan yana bir bor muborakbod etib, hayot sari oq yoʻl, uzoq umr tilayman!

Sizga havaslarim keladi!!!

Oldingizga katta maqsad qoʻying va  albatta ushbu maqsadingizga intiling!

Feruza EShMATOVA, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman):

Oʻz hayot yoʻlida yana bir pogʻona ildamlab, yangi bosqichni boshlash arafasida turgan maktab bitiruvchilarini chin qalbimdan muborakbod etaman. Bir narsa aniqki, doim izlanishga, oʻrganishga, yangilik qidirishga intilish, insonni yetuklikka olib chiqadi. Mehnatsevarlik, shijoat, izlanuvchanlik, kreativlik kabi sifatlarini oʻzingizda shakllantiring. Oliy taʼlim muassasalarini tamomlab, bilimlaringizni amaliyotda mustahkamlayotgan paytingizda ham har kuni vaqt topib, yangilik oʻrganishni oʻz odatingizga aylantiring.  

Bitiruvchilarga maslahatim, kasb tanlayotganingizda yuragingizga quloq soling. Chunki oʻz kasbini, ishini  seva olgan inson ishdan hecham charchamaydi, balki zavq oladi. Oʻz imkoniyati, salohiyati va qiziqishlaridan kelib chiqib, hayot yoʻlini tanlagan inson oʻylaymanki, hech ham adashmaydi.

Xorijiy tillarni oʻrganishga, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini oʻzlashtirishga alohida eʼtibor bering. Chunki hozir tez oʻzgarayotgan dunyo talabi shunday. Siz xorijiy davlatlarga borib Oʻzbekiston nomini yanada yuksaltirishingiz, tajriba almashib bilimlaringizni mustahkamlashingiz lozim. Oldingizga katta maqsad qoʻying va  albatta ushbu maqsadingizga intiling!

Fursatdan foydalanib, barcha bitiruvchilarga mustahkam sogʻlik, kuch-quvvat, shijoat va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Doim yuzingiz yorugʻ, kelajagingiz porloq boʻlsin!

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+