Prezident YeOII davlat rahbarlari bilan gaplashib oldi
Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining oʻttizinchi yigʻilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining oʻttizinchi yigʻilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi.
– Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda, – dedi Oʻzbekiston prezidenti.
Shavkat Mirziyoyev bojxona maʼmuriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligini aytdi.
Shuningdek, tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “Oʻzbekiston – Afgʻoniston - Pokiston” temir yoʻli qurilishini amalga oshirish boʻyicha loyiha ofisi ishiga qoʻshilishga taklif etdi.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida Oʻzbekiston rahbari qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi oʻrnini faol bosishni ragʻbatlantirish, “yashil” yoʻlaklarning toʻlaqonli ishlashini taʼminlash, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va innovatsiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash hamda mamlakatlarimiz agrobiznesi vakillari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish takliflarini ilgari surdi.
Shu maqsadda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “YeOII plyus” formatida agrar forumni oʻtkazish tashabbusini bildirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin raisligida oʻtgan uchrashuvda:
- Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko;
- Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev;
- Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov;
- Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan;
- kuzatuvchi davlat Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel;
- Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisi Mixail Myasnikovich;
- mehmon sifatida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev;
- Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.




