Donalab sigaret sotish taqiqlandi
Prezident “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi.

Prezident imzolagan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonunda dona sigaret sotish taqiqlanmoqda.
Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish bilan bogʻliq munosabatlar, shuningdek, sohaga masʼul organlarning vakolatlari belgilandi.
Qonunga koʻra, alkogol va tamaki mahsulotlarini quyidagi holatlarda realizatsiya qilish (sotish, sotib olish va h.k.) taqiqlanadi:
- 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga va ular tomonidan;
- sotuvchining bevosita ishtirokisiz, oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish tokchalaridan, elektron tijorat shaklida;
- sayyor savdo qilish yoʻli bilan, koʻchmas savdo obʼektlaridan tashqarida, dorixonalarda;
- bolalarga moʻljallangan tovarlar sotiladigan xonalarda;
- bolalar oʻyinchoqlariga, konfetlarga yoki bolalar uchun moʻljallangan boshqa tovarlarga oʻxshatib ishlangan boʻlsa;
- sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, sport inshootlari, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududlarida;
- taʼlim, sport va diniy tashkilotlardan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo obʼektlarida;
- yaroqlilik muddati oʻtganda, mahsulot sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarsiz;
- donalab yoki ochilgan (yaxlitligi buzilgan), isteʼmol oʻrovida (qutisida) sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotiga nisbatan.
Alkogol mahsulotlarini ish joylarida, koʻchalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bogʻlarda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida isteʼmol qilish taqiqlanadi.
Chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylar faqat chilim berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatiladigan, ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va obʼektlarda tashkil etilishi mumkin.
Alkogol mahsulotlarining isteʼmol idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish boʻlishi kerak.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.