Putin sobiq sovet respublikalari davlatchiligiga shubha bildirdi
Soʻnggi paytlarda boshiga tushayotgan sharmandalik va muvaffaqiyatsizliklar hamda bunkeridagi diqqinafas hayot tufayli Putin reallikdan tobora uzoqlashib borayotgan koʻrinadi. Uning yana bir bayonoti shov-shuvga sabab boʻldi.

Rossiya prezidenti Ukraina SSR tashkil etilishidan avval tarixda Ukraina degan davlat boʻlmaganini aytdi.
Putin Rossiya Konstitutsion sudining rahbari Valeriy Zorkin bilan muloqot chogʻida shunday fikr bildirgan. Zorkin unga XVII asr oʻrtalarida, qirol Lyudovik XIV davrida tuzilgan fransuz xaritasini koʻrsatib, unda Ukraina, shuningdek, boshqa sovet kvazidavlatlari (!) koʻrsatilmaganini aytdi. Putin esa uning gapini maʼqullab, "ha, albatta, bizga maʼlumki, bu yerlar (Ukraina hududi - tahr.) Rech Pospolita tarkibida boʻlgan, keyin Moskoviya podsholigi tarkibiga qabul qilishlarini soʻragan. Keyin esa boshqa yasama va qalbaki sovet davlatlari ham (ularga Oʻzbekiston ham kiradi - tahr.) faqat Oktabr inqilobidan keyin paydo boʻlgan. Sovet hukumati esa Ukraina SSRni tashkil qilgan" degan.
Bu munozarali bayonot turli siyosatchi va ekspertlar tomonidan tanqidga uchradi. Jumladan, oʻzbekistonlik ekspert olim Yuliy Yusupov oʻz telegram kanalida "bu millatchilar nihoyatda axmoq shekilli. Nahotki oʻsha davrdagi Yevropa xaritalarida hozir Rossiya egallagan yerlar Tatariya yoki Tartariya deb koʻrsatilganini bilishmasa? Hatto 1771 yildagi Britaniya ensiklopediyasida ham bu hududlar Buyuk Tartariya deb belgilangan. Gap shundaki, Moskoviya qachonlardir Moʻgʻul imperiyasining Juchi (Botuning otasi) ulusi tarkibida boʻlgan.
Keyin esa bir aylanib kvazidavlatga aylanib qolgan. Yaxshi emas. Moʻgʻullar imperiyasi tarkibiga qaytish kerak unda. Voris ham tayyor - Si amakining Xitoy davlati hoziru-nozir. U tarixiy adolatni tiklashga qarshi boʻlmaydi" deya istehzoli munosabat qoldirgan.
Garchi oxirgi paytlarda "liniyasi"ning tuturugʻi qolmagan Putinning kechagi gapi bugungi gapiga zid kelayotgan boʻlsa ham, Ukraina davlati haqidagi bunday kamsitish ohangidagi gaplari avval ham yangragan. Ukrainaga bostirib kirishidan bir yil avval, 2021 yil dekabr oyida bergan oxirgi katta konferensiyasida Putin Ukraina davlati paydo boʻlishida Leninning hissasi katta boʻlganini urgʻulagan. Putin Ukrainaga urush ochishidan sal avval rossiyaliklarga qilgan murojaatida ham aynan Leninning saʼy-harakatlari bilan Ukraina davlati paydo boʻlganini taʼkidlagan. Bu kabi ilmiy va mantiqiy asosga ega boʻlmagan gaplari bilan Putin Ukraina davlatining legitim emasligini isbotlashga, uni bosib olishga urinishini qonuniylashtirishga, harakat qilyapti. Oʻzini tarixiy adolatni tiklayotgan qahramon qilib koʻrsatishga urinyapti. Xuddiki, "avval menga tegishli boʻlgan narsani olyapman", demoqchidek. Biroq hamma koʻrib turgan oq choynakning qoraligini isbotlashdan foyda yoʻq. Chunki oqni million marta qora, degan bilan qorayib qolmaydi baribir.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, "Ukraina – bu «protektorat emas, guberniya, viloyat yoki kronland ham emas, begona imperiyalarning bir qismi emas, biror davlat tarkibidagi "yerlar" emas, ittifoqdosh respublika emas, muxtoriyat yoki provinsiya ham emas. Ukraina bu erkin, suveren, boʻlinmas va mustaqil davlat". "Biz boʻlganmiz, bormiz va boʻlamiz", degan Zelenskiy.
Qayd etish joiz, sobiq sovet davlatlarining legitimligiga eʼtiroz birinchi marta oshkor qilinayotgani yoʻq. Xitoyning Fransiyadagi elchisi ham shu oy boshida "sobiq sovet respublikalari tuzilishi legitim emas, ularni davlat sifatida tashkil etilganiga oid birorta salmoqli xalqaro hujjat yoʻq", deya taʼkidlagandi. Albatta bu rasmiy Xitoy munosabati boʻlmasada, rasmiy hukumat uni rad etmagan va maʼqullamagan ham.