Zoyir Mirzayev byudjetdan 9,4 mlrd. ajratdi
Toshkent viloyati hokimi xalq deputatlari viloyat kengashi raisi sifatida turli yoʻnalishlar uchun davlat byudjetidan 9,4 mlrd. soʻm ajratish haqida qaror imzolagan.

Toshkent viloyati hokimi xalq deputatlari viloyat kengashi raisi sifatida turli yoʻnalishlar uchun davlat byudjetidan 9,4 mlrd. soʻm ajratish haqida qaror imzolagan.
Hujjatga koʻra, viloyat hokimligi huzuridagi “Yangi ish oʻrinlarini tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmasi” xodimlari va ularning oila aʼzolari 2023 yil 1 apreldan boshlab har oylik maoshlarining 1 baravaridan 2 baravarigacha miqdorda ragʻbatlantirib boriladi.
Ajratilgan pullarning eng katta qismi "Bir million dasturchi" loyhasi doirasida maktablarni zamonaviy kompyuter texnikasi bilan taʼminlash uchun ajratiladi: 2,6 mlrd. soʻm.
Zangiota tumani Bogʻzor MFY Qorasuv va Harbiylar koʻchasi, Nurafshon shahridagi Oybek MFYdagi yoʻl, piyodalar yoʻlagi va tungi yoritish chirogʻi hamda Dehqonobod MFY X.Yoʻldoshev koʻchasini taʼmirlash va piyodalar yoʻlini qurish uchun 2,3 mlrd. soʻm sarflanadi.
Ohangaron tumani Ovjasoy MFY hududida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun esa 1,6 mlrd. soʻm, Yuqori Chirchiq tumanida bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga tegishli markaziy oʻyingohni rekonstruksiya qilish uchun 1,1 mlrd. soʻm pullar beriladi.
Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli "Fizioterapiya va reabilitatsiya" boʻlimi isitish va kanalizatsiya tiziminini taʼmirlash uchun 1 mlrd. soʻm ajratiladi.