platina.uz
Jahon

“Parda ortidagi gaplar”: Markaziy Osiyodan kim koʻproq manfaatdor?

“Katta yettilik” davlatlari Xitoyning oʻsib borayotgan taʼsiri va ishtahasini qisqartirish muammolarini muhokama qilayotgan bir paytda Xitoyda Markaziy Osiyo mintaqasidagi 5 ta davlat – Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston davlatlarining rahbarlari ishtirokida "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammiti boʻlib oʻtdi.

“Parda ortidagi gaplar”: Markaziy Osiyodan kim koʻproq manfaatdor?

Xitoy shimoli-gʻarbidagi Sian shahrida boʻlib oʻtgan ikki kunlik anjumanda XXR raisi Si Szinpin chegeraoldi savdoni kengaytirish mintaqa mamlakatlariga deyarli 4 milliardlik yordam taklif qildi.

Xalqaro tadbirda Xitoy tomoni Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalarini mustahkamlash niyatini bildirdi. Shuningdek, zamonaviy avtomagistrallar va temir yoʻl liniyalarini qurishga, gaz yetkazib berishga xizmat qiluvchi quvurlarni qurishga vaʼda berdi.

Pekin, shuningdek, fan va texnologiyalar yordamida kambagʻallikni qisqartirish borasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik rejalarini ishlab chiqishga qaror qilgan.

Xitoy yetakchisi Si Gʻarb davlatlari yetakchilarini tanqid qilib, ularni Pekinning iqtisodiy-siyosiy taraqqiyotiga toʻsqinlik qilishda aybladi.

- Biz Global xavfsizlik tashabbusi doirasida harakat qilishimiz va mintaqa davlatlarining ichki ishlariga tashqaridan boʻladigan har qanday taʼsirga yoki “rangli inqiloblar” uyushtirilishiga toʻsqinlik qilishimiz lozim. Biz uchinchi kuchlar – terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashmogʻimiz hamda mintaqada xavfsizlik muammolarini hal qilishimiz lozim, degan Xitoy rahbari.

XXR raisi, shuningdek oʻz nutqida «Dunyo barqaror va farovon Markaziy Osiyoga muhtoj”, dedi.

Ekspertlarning aytishicha, Xitoyda oʻtkazilgan sammitga Rossiyaning taklif etilmagani ham majoziy maʼnoga ega.

Ayrimlar buni Xitoyning mintaqada Rossiya oʻrnini olishga urinishi, deb baholashdi. Ammo aksariyat ekspertlar boshqacha fikrda.

Markaziy Osiyoni shundoq ham qarz toʻri bilan oʻrab olgan Xitoy uchun Rossiya oʻrnini egallashdan manfaat yoʻq. Chunki Rossiya baribir mintaqa davlatlarining asosiy savdo hamkori boʻlib qolmoqda.

Qolaversa, qariyb 6 millionlik mehnat migrantlari oqimining 90 foizi Rossiyaga yoʻnalgan. Mintaqadagi koʻpchilik strategik korxonalar, gaz va neft quvurlari hamda saqlash omborlari Rossiya fuqarolari tomonidan sotib olingan.

Xitoyning bunday sharoitda Markaziy Osiyodan manfaatlari asosan oʻzi uchun manfaatli savdo aloqalari va xavfsizlik halqasini tuzishda koʻrinadi, xolos, deyishmoqda sharhlovchilar.

Qolaversa, “dushmanimning dushmani – mening doʻstim” deganlaridek, Xitoy AQSh va Gʻarbni oʻziga raqib, deb koʻrayotgan bir paytda Rossiya bilan hamkorlikda ularning taʼsiriga qarshi kurashdan manfaatdor.

Bunga sabablar ham bordek. Ayni paytda Xitoyning Tayvanga tahdidi, uygʻurlarni genotsid qilayotgani, mamlakat ichida milliy va diniy ozchiliklarni taʼqib qilishi, inson huquqlarini kamsitishi tizimli tus olgani bois hatto “Katta yettilik” G7 dan chiqarishga ham chaqiriqlar yangramoqda.

Hatto Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Xirosimada oʻtgan G7 sammiti yakunlari boʻyicha uchrashuvda Xitoyni global xavfsizlikka tahdid deb atadi.

“Xitoy global xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi asrimizdagi eng katta muammodir”, degan u.

Bosh vazirning aytishicha, Londonning bu masalaga munosabati “ittifoqchilar qilayotgan ishlarga toʻliq mos keladi”.

Sunakning taʼkidlashicha, London G7 ittifoqchilari bilan birgalikda "Xitoyni boshqa davlatlarning suveren ishlariga aralashish uchun iqtisodiy majburlashdan foydalanishning oldini olishni" istaydi.

Xitoyning Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka katta eʼtibor qaratayotganiga yana bir sabab - “Bir belbogʻ – bir yoʻl” loyihasidir. Xitoy, Qirgʻiziston, Oʻzbeksiton, Turkmaniston hududlaridan, yaʼni Rossiyani aylanib oʻtib, Yevropaga yoʻnalgan temir yoʻl chizigʻi Xitoy uchun hozirgi sharoitda – Rossiya hukumati oʻzi boshlagan ahmoqona urush tufayli sanksiyalar va muammolar botqoqogʻigʻa botgan bir sharoitda katta ahamiyatga ega.

Shuning uchun Xitoy transchegaraviy yuk tashish hajmini oshirishni, transkaspiy xalqaro transport koridorini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan. XXR Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston avtomobil yoʻli va Xitoy-Tojikiston-Oʻzbekiston avtomobil yoʻlining tashish imkoniyatini oshirishga, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli boʻyicha maslahatlashuvlarga chaqirmoqda.

Ikkinchidan va eng katta maqsad – Markaziy Osiyo gazi hisoblanadi. Iqtisodiyoti kun sayin rivojlanib, aholisi oʻsib borayotgan Xitoy uchun gaz yanada koʻproq kerak boʻladi.

Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvurining toʻrtinchi liniyasi qurilishini tezlashtirish, neft va gaz savdosini kengaytirish, energetika sanoati zanjirlari boʻylab hamkorlikni davom ettirish, yangi energiya va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish ham Xitoy uchun ustuvor ahamiyatga ega.

Qolaversa, Markaziy Osiyo bozori va mehnat resurslari ham kamroq boʻlsa-da, Xitoy uchun qiziqish uygʻotadi. Tom maʼnoda puli koʻpligidan qayerga investitsiya qoʻyishni bilmayotgan Xitoy mintaqada juda yirik loyihalarni amalga oshirishga qodir.

Mintaqa davlatlari uchun yana bir ahamiyatga molik va manfaatli jihat – Xitoyning irrigatsiya sohasiga, shuningdek, Orol dengizi muammosiga doir rejalari mavjudligidir. Suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday tashabbuslar “yaraga malham surgandek” taʼsir koʻrsatadi.

XXR tomonining bildirishicha, Xitoy yashil innovatsiyalarni ilgari surmoqchi. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan shoʻr-ishqorli yerlarni yaxshilash va ulardan foydalanish, suvni tejaydigan sugʻorish tizimini rivojlantirish, Orol dengizining ekologik inqirozini yengish kabi sohalarda hamkorlik qilish niyatini izhor qilgan.

Ammo Xitoydagi sammitdan va pirovardida tuzilgan bitimlar orasida mintaqa davlatlari, ayniqsa, Oʻzbekistonni qiziqtirgan jihat – kambagʻallikni qisqartirish borasida Xitoy tajribasini oʻrganish va amalga tatbiq etish bilan bogʻliq.

Va nihoyat, “parda ortidagi” gaplarga qaraganda, Xitoy mintaqa davlatlari bilan birga harbiy ittifoq tuzish taklifini bergan.

Bir soʻz bilan aytganda, Xitoy sobiq SSSR respublikalarini harbiy va iqtisodiy «soyabon» ostiga olib, Markaziy Osiyodagi taʼsir zonasini kengaytirishga urinmoqda.

Xitoy rahbari Si Szinpin Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Oʻzbekiston rahbarlari bilan uchrashib, ularga hamkorlikni, jumladan, mudofaa sohasida ham kengaytirishga taklif qilgan.

Guruhning "S5" deb nom olgan ilk yuzma-yuz sammiti oʻtmishda mashhur «Ipak yoʻli» kelib chiqqan qadimiy Xitoy poytaxti Sian shahrida boʻlib oʻtgani ham ramziy ahamiyatga ega.

Muzokaralar yakunida Si Szinpin «mintaqadagi tinchlikni taʼminlash» uchun Markaziy Osiyo respublikalarining «mudofaasini kuchaytirish»ga va ularning xavfsizlik imkoniyatlarini oshirishga Xitoyning tayyorligini maʼlum qildi.

Bir soʻz bilan aytganda, Markaziy Osiyo davlatlarining va Xitoyning oʻz manfaatlari bor. Bu manfaatlar oʻzaro mos keladigan jihatlarni kuchaytirish esa har ikki tomon uchun ham manfaatli istiqbolni yaratishi shubhasiz.

Ammo shu oʻrinda “qarzga boʻlsa ham uylan, xotin yonga qoladi”, degan oʻzbekda maqolini eslash joiz. Xotinku yonga qolar, Tojikistonga oʻxshab, qarz evaziga yerdan ajralib qolmasak boʻlgani.

Abulfayz SAYIDASQAROV sharhladi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid