Buxoroda subsidiyaga uy olib bermoqchi boʻlgan mansabdor ushlandi
U Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shoʻʼba mudiri bilan oʻzaro til biriktirib, subsidiyaga uy olib berish evaziga fuqarodan 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
![Buxoroda subsidiyaga uy olib bermoqchi boʻlgan mansabdor ushlandi](https://cp.platina.uz/media/CACHE/images/photo_2023-05-23_12-26-27.ecf07f809695.webp)
Buxoro shahrida subsidiya asosida uy olib berishni vaʼda qilgan bosh mutaxassis ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi B.O. Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shoʻʼba mudiri R.J. bilan oʻzaro til biriktirib, fuqaro Z.A.ga Buxoro shahridan subsidiya asosida uy olib berish evaziga 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.